Dekabr oyida 2026 yilgi jahon chempionati uchun qur’a tashlanadi va O‘zbekiston vakillari ham tarixda ilk bor ushbu marosimda bevosita ishtirok etadi. Tabiiyki, tarixiy turnirga bo‘lgan munosabat nuqtayi nazaridan guruhda kimlar raqib bo‘lishi mumkinligini bilish, shunga qarab vazifalarni belgilash biz uchun muhim. E’tiborli tarafi, O‘zbekiston qur’ada ko‘pchilik kutganidek so‘nggi savatchada emas, balki 3-savatchada joylashishidir. Bu bizga nima beradi? Rostan ham qaysi savatda joylashish muhimmi? Quyida ushbu qur’a haqida.

Mundial formati

Bu safar mundialda tarixda ilk bor 48 milliy jamoa ishtirok etadi. Jamoalar 4 ta jamoadan iborat 12 guruhga ajratiladi. Har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar (jami 24 jamoa), shuningdek, uchinchi o‘rin egalaridan nisbatan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 8 jamoa 1/16 final bosqichiga chiqadi. Ya’ni O‘zbekiston vakillarida ham guruhdan chiqish va 32 talikka kirish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi. Avvalgi muvaffaqiyatsiz saralashlarda O‘zbekiston amalda shunday 32 talikka kira olmay, mundial ostonasida qolib ketgandi.

3-o‘rin vakillariga ham imkoniyat qoldiradigan formatdagi turnirlar oldin ham bo‘lgan, uch o‘yindagi 4 ochko amalda guruhdan chiqish uchun yetarli bo‘lib keladi. Hatto ayrim holatlarda 3 ochko bilan ham eng yaxshi uchinchi o‘rinlar qatorida guruhdan chiqish imkoni bo‘lgan. Masalan, Yevro-2016 g‘olibi bo‘lgan Portugaliya pley-offga uchta durang bilan chiqqandi. Ammo buning uchun ham to‘plar nisbati u qadar manfiylashib ketmasligi va boshqa guruhlarda kerakli natijalar sodir bo‘lishi talab etiladi.

Savatchalar qanday aniqlanadi?

Qur’ada 48 ishtirokchi har biri 12 ta jamoadan iborat bo‘lgan 4 savatga taqsimlanadi. Har bir guruh har bir savatdan bittadan jamoa bilan to‘ldiriladi. Savatlar FIFAning 2025 yil dekabrdagi reytingiga qarab, ya’ni jamoalar yana ikkitadan uchrashuv o‘tkazgach hosil bo‘ladigan holatga qarab aniqlanadi.

Birinchi savatdan mundial mezbonlari – AQSh, Meksika va Kanada milliy jamoalari joy olishi aniq. Qolgan 9 o‘rin esa FIFA reytingida eng yuqorida joylashgan 9 jamoaga beriladi. Reytingda yuqori o‘rindagi jamoalarning deyarli barchasi amalda mundial yo‘llanmasini hal qilgani e’tiborga olinsa, 1-savat deyarli shakllanib ulgurgan deyish mumkin. Bular mezbonlardan tashqari Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Portugaliya, Niderlandiya, Braziliya, Belgiya va Germaniya jamoalaridir.

Aslida FIFA reytingida Italiya ham kuchli to‘qqiztalikda (Germaniya 10-o‘rinda), ammo ayni paytda italyanlar saralashdagi guruhida peshqadam Norvegiyadan ancha ortda qolib ketgan va katta ehtimol bilan o‘tish o‘yinlari orqali yo‘llanma uchun kurashadi.