Jahon | 19:31 / 30.10.2025
20163
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng baxtli mamlakatlar reytingida ikkinchi bo‘ldi

Tadqiqotda qayd etilishicha, mintaqa davlatlari dunyoda eng yuqori darajadagi xayrixohlik va o‘zaro yordamni namoyish etmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng baxtli mamlakatlar reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bunday ma’lumotlar World Happiness Report 2025 an’anaviy hisobotida keltirilgan.

Qayd etilishicha, mintaqa davlatlari dunyoda eng yuqori darajadagi xayrixohlik va o‘zaro yordamni namoyish etgan.

Iqtisodiy ahvoldagi farqlarga qaramay, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston barqaror yuqori darajadagi ishonch va ijtimoiy birdamlikni ko‘rsatdi, deyiladi hisobotda.

Qozog‘iston reytingda 43-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyoning eng «baxtli» davlatiga aylandi.

O‘zbekiston 53-o‘rinni, Qirg‘iziston esa 75-o‘rinni egalladi, Tojikiston 90-pog‘onadan joy oldi. Turkmaniston kerakli ma’lumotlar yo‘qligi sababli reytingga kiritilmagan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyo davlatlarida xayrixohlikning o‘rtacha indeksi 0,30 dan 0,36 gacha, dunyo bo‘yicha o‘rtacha 0,33 ni tashkil etadi. Bu mintaqada mustahkam ijtimoiy aloqalar va jamoaviylik madaniyati saqlanib qolayotganidan dalolat beradi, bu yerda o‘zaro yordam va jamiyat hayotida ishtirok etish asosiy qadriyatlar bo‘lib qolmoqda, deb ta’kidladi mualliflar.

Mutaxassislarning fikricha, baxt tuyg‘usi nafaqat daromad darajasi, balki jamiyatdagi ishonch, barqarorlik va erkinlik hissi bilan ham belgilanadi. Ularning fikricha, Markaziy Osiyo «iliq ijtimoiy iqlimga» ega mintaqa bo‘lib qolmoqda, bu yerda insoniy mehr-oqibat va o‘zaro yordam iqtisodiy qiyinchiliklar va davlat institutlarining kamchiliklarini qoplaydi.

Mavzuga oid