Jahon | 15:08 / 31.10.2025
3604
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadan ikki oy ichida 100 ming erkak chiqib ketdi

The Telegraph ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada 22 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga chiqish taqiqini bekor qilgandan so‘ng, bu toifaga mansub kishilardan kuniga 1600 nafari mamlakatni tark etmoqda. Jami olib qaralganda, avgust oyi oxiridan buyon Ukrainadan Polshaga 98,5 ming erkak o‘tib ketgan.

Foto: Iryna Ukhina/DW

Polsha Kiyev erkaklarga mamlakatdan chiqishga ruxsat bergan qonunni qabul qilganidan keyin Ukrainadan yosh erkaklarning ommaviy tark etishini qayd etmoqda. Polsha Chegara xizmati ma’lumotlariga tayanib, Britaniyaning The Telegraph gazetasi 30 oktyabr kuni xabar berganidek, so‘nggi ikki oy ichida Ukrainadan Polshaga 18–22 yoshdagi deyarli 100 ming erkak kirib kelgan.

Polsha chegarachilari ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil yanvaridan to avgust oxirida yangi me’yor kuchga kirguncha bo‘lgan davr mobaynida Polshaga 18–22 yoshdagi taxminan 45 300 ukrainalik erkak kirgan. Keyingi ikki oy ichida esa bu ko‘rsatkich 98 500 kishini tashkil etdi, ya’ni kuniga taxminan 1600 nafar.

28 avgustdan boshlab 18–22 yoshdagi ukrainalik erkaklarga mamlakatdan erkin chiqishga ruxsat berildi. Ungacha Rossiya boshlagan to‘laqonli urush sabab Ukrainada joriy etilgan harbiy holat, ayrim istisnolardan tashqari, 60 yoshgacha bo‘lgan balog‘atga yetgan erkaklarga mamlakatni tark etishni taqiqlar edi.

Ichki ishlar vaziri Igor Klimenko Telegram’da shunday yozdi: «Bu qadamning maqsadi — avvalo yosh ukrainlarga xorijda o‘qish, amaliyot va qonuniy mehnat qilish uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, ular to‘plagan tajribasini keyinchalik Ukrainani rivojlantirishda qo‘llashi uchun».

Ukrainadan erkaklar chiqishiga qo‘yilgan cheklov yengillashtirilgandan so‘ng, Germaniyada shu toifadan kelib tushayotgan vaqtincha himoya so‘rovlari haftasiga taxminan 100 tadan 1000 tagacha oshgani. Bu haqda 15 oktyabr kuni GFR Ichki ishlar vazirligi tomonidan ma’lum qilindi.

Umuman olganda, GFRdan himoya so‘rayotgan ukrainalik fuqarolar soni ham ko‘paydi. IIV ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil may oyida ro‘yxatga olish tizimi orqali 7961 kishi, avgustda — 11 277, sentabrda — 18 755 kishi qayd etildi. Ukrainaliklar Turar joy to‘g‘risidagi qonunning 24-moddasiga muvofiq yashash ruxsatnomasi oladi, bu esa ularga mehnat bozoriga darhol kirish va ijtimoiy imtiyozlardan foydalanish huquqini beradi.

Oktyabr oxirida Bavariya bosh vaziri va Germaniyada hukmron koalitsiyaga kiruvchi Xristian-sotsial ittifoq (XSI) rahbari Markus Zyoder yosh ukrainalik erkaklarning GFRga kirib kelishini cheklashga chaqirdi. «Yanada ko‘proq yoshlar Ukrainani himoya qilish o‘rniga Germaniyaga kelsa, bu hech kimga foyda bermaydi», — dedi u Bild gazetasiga intervyusida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid