Financial Times (FT) ma’lumotlariga köra, Qöşma Ştatlar Donald Tramp va Vladimir Putinning Budapeştda bölib ötişi rejalaştirilgan uçraşuvini Moskvaning Ukrainaga nisbatan qat’iy talablari tufayli bekor qilgan. Qaror AQŞ davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya taşqi işlar vaziri Sergey Lavrov örtasidagi «tarang telefon suhbatidan» söng qabul qilindi, deb yozdi naşr 31 oktabr kuni vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib.
Suhbat Rossiya Oq uyga Ukraina böyiça öz pozitsiyasini bildiruvçi memorandum yuborganidan keyin bölib ötdi. Ta’kidlanişiça, Rubio hujjatni Lavrov bilan muhokama qildi va maslahatlaşuvlar yakunida Trampga Moskva muzokaralarga va Putin bilan uçraşuvni Budapeştda ötkazişga tayyor emasligini bildirdi.
Gazeta manbalariga köra, Moskvaning maksimalistik talablari zarraça özgarmagan - Kreml Donbassni jangsiz topşirişdan taşqari, Putin Rossiyaning Ukrainaga keng kölamli bostirib kirişining «asosiy sabablari» deb atagan narsani bartaraf etişni talab qilmoqda. Bunday talablar orasida Ukraina Qurolli kuçlari sonini çeklaş va Ukrainaning NATOga qöşilmasligini kafolatlaş bor.
Amerika rasmiylari orasidagi manbalar, şunga qaramay, Tramp agar bu qandaydir taraqqiyotga olib kelsa, Ukrainadagi harbiy harakatlarni töxtatiş böyiça Rossiya bilan bölajak muzokaralar uçun oçiq qolişini ta’kidladi.
Donald Tramp 22 oktabr kuni Putin bilan uçraşuvni bekor qilganini ma’lum qildi. «Menga bu şunçaki notöğri tuyuldi. Nazarimda, biz yetib borişimiz kerak bölgan joyga yetib borolmaydigandek edik. Şuning uçun uçraşuvni bekor qildim. Ammo biz buni kelajakda amalga oşiramiz», dedi AQŞ prezidenti. Uşbu bayonotdan bir kun oldin u Rossiya prezidenti bilan «behuda uçraşuv ötkazişni» istamasligini ta’kidlagan edi.
Vladimir Putinning aytişiça, Tramp uçraşuvni bekor qilişdan köra, uni «keçiktiriş haqida gapirgan». Uning ta’kidlaşiça, uçraşuv va uni ötkaziş joyi Amerika tomoni tomonidan taklif qilingan.











