Texnologiya | 20:28 / 03.11.2025
5451
2 daqiqa o‘qiladi

Tesla’ning sobiq rahbari Xitoyda yangi odamsimon robotni taqdim etdi

Xitoydagi Star Dynamics kompaniyasi o‘zining ilk gumanoid robotini - Star Dynamics 1 ni namoyish etdi. Loyihani Tesla China’ning sobiq rahbari va Matrix Intelligence asoschisi Chjan Xaysin boshqarmoqda - u avval Tesla Optimus robotini yaratishda ham ishtirok etgan.

Foto: Tesla

Chjanning so‘zlariga ko‘ra, Star 1 insonga o‘xshash qilib ishlab chiqilgan va u to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tesla Optimus, Figure hamda 1X kabi g‘arb robotlariga raqobatchi sifatida yaratilgan. Robotning tashqi ko‘rinishi insonga juda yaqin — tanasida hech qanday ochiq sim yoki bo‘g‘inlar ko‘rinmaydi. Uning rangi oltin tusda, bu esa Optimus V2.5 dizaynini eslatadi.

Star Dynamics kompaniyasi ikki yirik tashkilot — Hongrun Construction (60%) va Matrix Intelligence (40%) hamkorligida tashkil etilgan. Yangi robot sun’iy intellekt asosida ishlovchi industrial va xizmat ko‘rsatish tizimlarini yaratish bo‘yicha uzoq muddatli loyihaning bir qismi hisoblanadi.

Xaysin ta’kidlashicha, hozirda Figure va 1X kabi kompaniyalar robotlarni turmush sharoitida sinovdan o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, insonsimon robotlarning ommaviy hayotga kirib kelishi uchun hali bir necha yil kerak bo‘ladi. Kompaniya hozircha robotning chiqish sanasi va texnik xususiyatlarini oshkor etmagan.

Mavzuga oid