Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir tomonidan taklif qilingan qonun 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS hujumlaridan keyin Isroil o‘z siyosatini kuchaytirishi fonida paydo bo‘ldi. Agar u qabul qilinsa, bu 1962 yildan beri Isroilda birinchi marta o‘lim jazosi qo‘llanilishi bo‘ladi va o‘lim jazosiga yetmish yillik moratoriy bekor bo‘ladi.

Isroil 1954 yilda umumiy jinoyatlar uchun o‘lim jazosini bekor qildi va uni faqat 1950 yildagi Natsistlar va ularning sheriklarini jazolash to‘g‘risidagi qonunga muvofiq urush jinoyatlari, xiyonat va natsistlar bilan hamkorlik uchun saqlab qoldi.

Oxirgi qatl 1962 yilda, natsist amaldori Adolf Eyxman osib o‘ldirilganda sodir bo‘lgan. Biroq, Iordan daryosining bosib olingan G‘arbiy qirg‘og‘idagi harbiy sudlar nazariy jihatdan 1651-sonli Harbiy buyruqqa muvofiq «xavfsizlikka qarshi jinoyatlar» uchun o‘lim jazosini berish huquqini saqlab qoldi, garchi ularning hech biri 1967 yildan beri ijro etilmagan bo‘lsa-da.

2023 yil mart oyida Knessetda bo‘lib o‘tgan dastlabki ovoz berishda «millatchilik sabablariga ko‘ra isroillikni o‘ldirgan» falastinliklar uchun o‘lim jazosini nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi. 2025 yil 29 sentabr va 3 noyabr kunlari Knessetning Xavfsizlik qo‘mitasi qonun loyihasini har tomonlama muhokama qilish uchun ma’qulladi, xabarlarga ko‘ra, uni bosh vazir Binyamin Netanyahu qo‘llab-quvvatlagan.

Amnesty International, Adalah va Human Righs Watch kabi inson huquqlari tashkilotlari qonun loyihasini faqat falastinliklarga taalluqli bo‘lgan «irqiy asoslangan» deb atamoqda.

Ular 2023 yil oktabr oyidan keyin harbiy sudlarda ayblov hukmlarining 99,7 foizi va qiynoqlar bo‘yicha 100 dan ortiq shikoyatlarga ishora qilib, qonun majburiy iqrorlik asosida o‘lim jazosini qonuniylashtirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ushbu tashabbusni Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va Jyeneva konvensiyalarini buzadigan «regressiv qadam» deb atadi.

Ben-Gvir bu taklifni tiyib turuvchi omil sifatida shakllantirdi: «Agar garovga olingan odamning boshidan bir tola soch to‘kilsa ham, jinoyatchi o‘lim jazosiga hukm qilinadi».

Tanqidchilar, jumladan, garovga olinganlarning oilalari bu asirlarni xavf ostiga qo‘yishini va G‘azo sektoridagi mojaroning kuchayishi xavfini keltirib chiqarishini ta’kidlamoqda.