Mazkur sud jarayoni 5 yildan buyon davom etyapti. Unda Ernst & Younğning Şveytsariyadagi bölimi Gulnora Karimovaga aloqadorligi gumon qilinadigan Zeromax'ning şubhali tranzaksiyalariga köz yumiş va kompaniya moliyaviy hisobotlariga ijobiy xulosa beriş orqali kreditorlarning zarar körişiga sababçi bölişda ayblanmoqda.

2025 yil iyul oyiga kelib, Zeromax kreditorlari muhim oraliq yutuqqa erişdi. Şveytsariya Federal Oliy sudining ajrimi bilan, javobgar tomonga audit jarayonlariga oid keng kölamli hujjatlarni da’vogarlar ixtiyoriga taqdim etiş majburiyati yuklatildi.

Moliyaviy yangiliklarni yorituvçi Tippinpoint naşri bu qarorni «Özbek “malikasi” Gulnora Karimova atrofidagi moliyaviy trillerning yangi sahifasi» deb atadi.

Zeromax – 1999 yilda AQŞning Delaver ştatida ta’sis etilib, 2005 yilda Şveytsariyaning Tsug kantoni yurisdiksiyasiga köçib ötgan va 2010 yili kutilmaganda bankrotlik e’lon qilgan konglomerat. Bir muddat Özbekistondagi eng yirik biznes imperiya bölgan Zeromax mamlakatda “xorijiy investor” sifatida töqimaçilikdan tortib energetikagaça bölgan öndan ortiq tarmoqlarda aktivlarga egalik qilgan. Muayyan davrda Özbekiston YaIMning 10 foizgaça bölgan qismi birgina şu kompaniya tizimiga töğri kelgani aytiladi.

Biznes imperiya 2010 yilda, Özbekiston oliy hokimiyati içkarisida yuz bergan özgarişlar ortidan inqirozga uçragan va Özbekistondagi mol-mulki davlat foydasiga musodara qilingan. Kompaniya 2010 yil 12 avgust kuni Tsug kantoni sudiga topşirgan bankrot deb topiş töğrisidagi arizasida joriy aktivlarini qariyb 2,56 mlrd dollar, majburiyatlarini esa 4,12 mlrd dollar deb körsatgan. Ammo keyinroq bankrotlik idorasi ötkazgan örganişlarda kompaniyaning atigi 6,66 mln franklik aktivlari aniqlangan. Jami 191 ta kreditorning da’volari umumiy hajmi esa 5,6 mlrd frankni taşkil etgan. 5,6 mlrd frank miqdoridagi qarz bilan tanazzulga uçraş – Şveytsariya tarixidagi ikkinçi eng yirik bankrotlik holati demakdir.