AQŞ prezidenti Donald Trampning Ukraina böyiça maxsus vakili Kit Kellog vakolat muddati yakunlanişi munosabati bilan 2026 yil yanvar oyida ma’muriyatni tark etadi. Reuters agentligi çorşanba, 19 noyabr kuni tört manbaga tayanib yozişiça, Kellog iste’foga çiqiş niyati haqida özining işonçli şaxslariga ma’lum qilgan.
Qayd etilişiça, iste’fodagi general-leytenantning ketişi Kiyev uçun yöqotiş böladi, çunki u Tramp ma’muriyati tarkibida Ukraina tarafdori sifatida eng muhim şaxslardan biri hisoblangan. Kellog Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgan Rossiya hujumlarini ma’muriyatning boşqa vakillariga qaraganda keskinroq qoralagan.
OAV xabarlariga köra, Kellog AQŞ prezidentining yana bir maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan nizoga borgan. Uitkoff Ukraina tomonidan hududiy imtiyozlarni ham nazarda tutuvçi yangi tinçlik rejasini ilgari surmoqda. Prezidentning maxsus vakili — vakolat muddati 360 kundan oşmaydigan vaqtinçalik lavozim bölib, bu muddat Senat tomonidan uzaytirilişi mumkin.
Oradan bir kun oldin Reuters va qator ğarb OAV Vaşington Ukrainadan mamlakat şarqidagi ba’zi hududlardan voz keçişni, qurolli kuçlar sonini qisqartirişni va ayrim turdagi qurollardan boş tortişni talab qilayotgani haqida xabar berdi. Bu talablar Rossiyaning Ukrainaga qarşi uruşiga barham beriş böyiça Tramp ma’muriyatining yangi rejasida bayon etilgan.
Reuters suhbatdoşlarining ta’kidlaşiça, Oq uy Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga Vaşington tomonidan işlab çiqilgan, 28 banddan iborat rejani Kiyev qabul qilişi kerakligini tuşuntirgan. Avvalroq xabar berilganidek, Tramp ma’muriyati loyihasida törtta asosiy yönaliş ajratib körsatilgan: Ukrainada tinçlik, xavfsizlik kafolatlari, Yevropada xavfsizlik va Vaşingtonning Moskva hamda Kiyev bilan kelgusi munosabatlari.












