Sog‘lom hayot | 02:39 / 21.11.2025
3663
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar qarishni sekinlashtiradigan immun hujayralarni aniqlashdi

Bu hujayralar organizmdagi zararli “zombi”-hujayralarni yo‘q qilib, ularning to‘planishini to‘xtatadi. 

Foto: Pexels

Isroilning Ben-Gurion universiteti olimlari qarishga qarshi kurashishning yangi mexanizmini ochib beruvchi muhim kashfiyot qilishdi. Tadqiqotchilar transformatsiyalana oladigan va yosh o‘tishi bilan organizmda to‘planib boradigan senessent yoki “zombi”-hujayralarni yo‘q qilish qobiliyatiga ega CD4 T-hujayralar deb ataluvchi immun hujayralarning o‘ziga xos turini aniqladilar.

Qarib boradigan bu hujayralar ko‘payishdan to‘xtasa-da, faolligini saqlab qoladi va zararli molekulalar ajratadi. Bu molekulalar surunkali yallig‘lanish, to‘qimalarning buzilishi va oxir-oqibat yoshga doir kasalliklarga olib keladi.

Yangi tadqiqot ilk bor CD4 T-hujayralari senessent hujayralar ta’siri ostida CD4-Eomes deb nomlanuvchi maxsus “jangchi” hujayralarga aylanishini molekulyar darajada ko‘rsatib berdi. Bu hujayralar zararli “zombi”-hujayralarni yo‘q qilib, ularning to‘planishini to‘xtatadi. 

Olimlar sichqonlarda o‘tkazilgan tajribalarda CD4-Eomes hujayralarining paydo bo‘lishi senessent hujayralar mavjudligiga bevosita bog‘liq ekanini aniqladilar, bu esa immun tizimining keksayishga nisbatan muvofiq tarzda javob qaytarayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, sichqonlarda ushbu hujayralarning paydo bo‘lishi sun’iy ravishda to‘xtatilganida to‘qimalarda “zombi”-hujayralar miqdori sezilarli darajada ortigi aniqlandi.

Jigar sirrozi modelidagi qo‘shimcha tajribalarning ko‘rsatishicha, CD4-Eomes hujayralari qariy boshlagan hujayralar miqdori va to‘qimalarning yemirilishini pasaytiradi.

Ushbu kashfiyot immun tizimi qarishga qarshi tabiiy ravishda mexanizmlar ishlab chiqishini va uning ayrim komponentlari bu jarayonda ijobiy ahamiyat kasb etishini ko‘rsatdi.

Kelgusida CD4-Eomes hujayralari faolligini maqsadli kuchaytirish biologik qarishni sekinlashtirish va yoshga doir kasalliklarning oldini olishda yangi usul bo‘lishi mumkin. Biroq bunga erishish uchun qo‘shimcha keng ko‘lamli tadqiqotlar talab etiladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid