Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH davlat kotibi Marko Rubio ishtirokidagi tadbirda prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva yangi Kengash amaliy natija beradigan mexanizm boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Uning aytishicha, tashabbusga Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi chogʻida asos solingan. Shundan soʻng Oʻzbekiston prezidenti Kengash oldiga «Natija boʻlsin!» degan qisqa va aniq vazifa qoʻygan.
«AQSH maʼmuriyatining ham, bizning jamoamizning ham ish uslubi aynan shunday: kamroq soʻz, koʻproq amaliy natija. Biz Amerika tomoniga shunchaki navbatdagi bir qoʻmita emas, balki amalda ishlaydigan mexanizm yaratishni vaʼda qilgan edik», - dedi Saida Mirziyoyeva.
U iyun oyida Toshkentga qariyb 200 ta Amerika kompaniyasi tashrif buyurganini rekord sifatida qayd etdi. Toʻrt oydan soʻng esa davlat kotibi boshchiligida yana 100 ga yaqin AQSH kompaniyasi kelganini taʼkidladi.
Saida Mirziyoyeva biznes uchun tushunarli qoidalar, ochiq muloqot va murojaatlarga tezkor javob muhimligini aytdi.
«Biznes qoidalar aniq, eshiklar ochiq va qoʻngʻiroqlarga darhol javob beriladigan joyga intiladi. Shu bois biz doimo aloqada boʻladigan va murojaatlarni javobsiz qoldirmaydigan hamkor boʻlishga intilmoqdamiz», - dedi u.
Shu munosabat bilan yigʻilishdagi har bir kompaniyaga bevosita muloqot uchun masʼul shaxs biriktirilishi, tadbirkorlar koʻtargan biror muammo Kengash hamraislari eʼtiboridan chetda qolmasligi vaʼda qilindi.
Saida Mirziyoyeva tadbirkorlar soʻrovlari asosida qoidalar oʻzgartirilganini ham bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston investitsiyalari AQShda yangi ish oʻrinlari yaratishga, Amerika mahsulotlarining xaridi esa sanoat korxonalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. U sheriklikdan har ikki tomon manfaat koʻrishi kerakligini taʼkidladi.
Nutqda Jekson–Venik tuzatishi masalasi ham tilga olindi. Saida Mirziyoyeva Rubio uni «Sovuq urush sarqiti» deb ataganini eslatib, Oʻzbekiston bu cheklovning tezroq bekor qilinishini kutayotganini bildirdi.
Tadbir avvalida u Marko Rubioning Markaziy Osiyoga ilk tashrifini Oʻzbekistondan boshlaganini katta ehtirom sifatida baholadi. Aprel oyidagi Vashington uchrashuvini eslar ekan, oʻzbek mehmondoʻstligi haqida hazil ham qildi: mehmonlar koʻpincha rejalashtirganidan uzoqroq qolib ketadi. U Amerika biznesi uchun ham Oʻzbekiston shunday qadrdon maskanga aylanishiga umid bildirdi.
















