Prezident Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda agentlik faoliyatini “bitta ariza – bitta to‘lov” tamoyili asosida tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulkka huquq paydo bo‘lganida ariza avtomatik ravishda shakllantirilib, proaktiv xizmat ko‘rsatiladi. Bu orqali bir yilda 1 million 200 ming nafar arizachining vaqti va mablag‘i tejaladi. Kadastrga oid barcha xizmatlarni bitta ariza asosida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 200 mingta ortiqcha ariza qisqartiriladi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni to‘liq onlayn shaklga o‘tkaziladi. Natijada yiliga 500 mingta arizani amaldagi 10-15 kun o‘rniga bir necha soniyada ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Ma’muriy javobgarlikni maqbullashtirish bo‘yicha takliflar ham ma’qullandi.

Jumladan, 2018-yilga qadar noqonuniy qurilgan uy-joylar uchun jarima qo‘llamaslik, noqonuniy qurilish ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganda javobgarlikni yengillashtirish taklif qilindi. Shuningdek, ko‘chmas mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan muddatda ariza berilmagan holatda birinchi marta jarima o‘rniga ogohlantirish berish nazarda tutilmoqda.