Tadbir davomida O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligining hozirgi holati, mavjud imkoniyatlar va ularga to‘sqinlik qilayotgan omillar muhokama qilindi. Mutaxassislar boshlang‘ich kapitalga kirish imkonining cheklangani, biznes yuritish bo‘yicha yetarli ko‘nikma va huquqiy yordam yetishmasligi, shuningdek, bozorga chiqishdagi qiyinchiliklar ayollar salohiyatining to‘liq namoyon bo‘lishiga to‘sqinlik qilayotganini qayd etdi. WESP dasturi ushbu muammolarni kompleks yechim sifatida qamrab oladi, ya’ni biznesni boshlash uchun grantlar ajratadi, o‘quv dasturlarini taqdim etadi hamda boshlang‘ich biznes vakillari uchun maslahat olish va amaliy ko‘makning birlashtirilgan modeli orqali ayollarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Dastur doirasida ayollar uchun biznesni boshlash yoki rivojlantirishga mo‘ljallangan grantlar, biznes boshqaruvi, moliyaviy savodxonlik, marketing, raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha treninglar Hamroh platformasi orqali taqdim etiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezident administratsiyasi rahbari maslahatchisi va Loyiha ofisi bosh koordinatori Nozimaxon Davletova ayollarni qo‘llab-quvvatlashning davlat siyosatidagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. U iqtisodiy faoliyatda ayollarning ishtirok etishi nafaqat o‘z hayotiga, balki jamiyatning umumiy rivojlanishiga ham bevosita ta’sir qilishini ta’kidladi.

“Bugungi kunda ayollarning iqtisodiyotga qo‘shayotgan hissasi tobora ortib bormoqda. Ayollar o‘z biznesini yurita olishi va iqtisodiy qarorlar qabul qilishi jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun muhim omildir. Ayollarga imkoniyat berish, ularni qo‘llab-quvvatlash kelajak avlodni yetuk va ilmli bo‘lishini ta’minlaydi. Chunki ayol avvalo ona, farzandning tarbiyasi, uning dunyoqarashi va kelajakdagi muvaffaqiyatlari onaning salohiyatiga bog‘liq. Hukumat vakili sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, bugungi kunda davlatimiz ayollarning huquqlarini himoya qilish va ularning iqtisodiy hamda ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Xalqaro hamkorlar bilan ishlash ham ana shu ustuvor yo‘nalishlarning mantiqiy davomidir. Davlatimiz bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi, chunki ular nafaqat ayollar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan birga, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qiladi”.

Xalqaro hamkorlar nomidan The Coca-Cola Company Uzbekistan bosh direktori Kazumasa Mukae dastur ahamiyatini quyidagicha izohladi: