Ko‘chmas mulk | 07:33 / 19.12.2025
8454
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo eng baland binosi uchun kurash: Jidda minorasi rekordga yaqinlashyapti

Qizil dengiz sohilidagi o‘ta baland minora dunyo me’morchiligi chegaralarini qayta belgilashga shaylanmoqda. Jidda minorasi (Jeddah Tower) qurilishi jadal sur’atda davom etyapti - bino go‘yo “raketa kabi yuqoriga otilib chiqmoqda” va allaqachon 80-qavat belgisiga yetdi.

Foto: AP

Balandligi 1 kilometr bo‘lgan ushbu mega-osmono‘par bino qurilishi uzoq yillar davomida to‘xtab qolgan edi, ammo ishlar 2025 yil yanvar oyida qayta tiklandi. Hozir quruvchilar har uch–to‘rt kunda bitta qavat qo‘shmoqda va loyihani 2028 yilgacha yakunlashni maqsad qilgan — shunda u Dubaydagi Burj-Xalifadan “dunyodagi eng baland bino” unvonini tortib olishi mumkin.

Bugun Jidda osmonida qurilish kranlari qad ko‘tarib turibdi: Saudi Binladin Group, Dar Al-Handasah va Turner Construction kompaniyalari rekord balandliklarda ishlay oladigan yuqori bosimli nasoslar yordamida beton quymoqda.

2025 yil avgust oyiga kelib bino 75-qavatga yetgan, bir vaqtning o‘zida bir nechta krandan foydalanish esa markaziy yadroni barpo etish sur’atini keskin oshirgan. Hozirgi paytda rejalashtirilgan 157 qavat bo‘yicha beton ishlarining 50 foizdan ortig‘i bajarilgan.

Kingdom Holding Co kompaniyasi amalga oshirayotgan ushbu loyiha Saudiya Arabistoni ambitsiyalarining ramzlaridan biriga aylangan va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga qaratilgan Vision 2030 dasturi bilan bevosita bog‘liq.

Har hafta Jeddah Tower yangi qavatlar bilan “o‘sib borar ekan”, podshohlik dunyo me’morchiligi ufqlarini qayta chizishga tayyorlanmoqda.

2025 yil oxiri holatiga ko‘ra, minora qurilishi faol davom etmoqda. Uning asosida ulkan gibrid qadoqli-qoplama fundament yotadi: qalinligi 5 metr bo‘lgan, maydoni 7 500 kv. metrdan ortiq beton plita 270 ta burib qotirilgan tayanchga ega, ular ohaktosh va marjon jinslarigacha 110 metr chuqurlikka kirib boradi va inshoot barqarorligini ta’minlaydi.

Taqqos uchun, Burj-Xalifa fundamenti ham tayanchlar ustidagi plita ko‘rinishida, biroq u 3,7 metr qalinlikka ega va diametri 1,5 metr bo‘lgan 192 ta tayanchdan iborat, ular taxminan 50 metr chuqurlikkacha kiritilgan.

Mavzuga oid