O‘zbekiston | 16:00 / 24.12.2025
1906
3 daqiqa o‘qiladi

HUMO 2024 yil uchun davlat budjeti oldidagi majburiyatini bajarganini ma’lum qildi

HUMO MBPM xususiylashtirishni yakuniga yetkazish va kompaniyaning keng ko‘lamli transformatsiyasi barobarida davlat budjeti oldidagi majburiyatini bajarib, 2024 yil yakunlari bo‘yicha sof foydani taqsimladi.

Foto: HUMO

HUMO MBPM ma’lum qilishicha, HUMO milliy to‘lov tizimi operatori 2024 yil yakuniga olingan sof foyda va dividendlarni taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2024 yilda “Milliy banklararo protsessing markazi” MChJ aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. 2025 yilda kompaniyaning ustav kapitalidagi davlat ulushi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq to‘liq xususiylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ziyodni tashkil qiluvchi yuridik shaxslar 2024 yil yakunidagi holatga ko‘ra o‘z sof foydalarining 50 foizi miqdorida budjetga assignatsiyalar va dividendlarni hisoblashlari va o‘tkazishlari lozim.

Shuni inobatga olgan holda va kompaniya aksiyadorlari yig‘ilishining 2025 yil 21 noyabrdagi tegishli qaroriga binoan, 2024 yil yakuniga olingan 168,2 milliard so‘m miqdorida sof foydani taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Davlat ulushiga proporsional hisoblangan 54,7 milliard so‘m miqdoridagi dividend davlat budjetiga o‘tkazildi.

Shu tariqa, kompaniya moliyaviy barqarorligini va davlat, hamkorlar hamda bozor qatnashchilarining ishonchini mustahkamlab, avval zimmasiga olgan moliyaviy majburiyatlarini to‘liq hajmda ado etdi. Shuning barobarida HUMO texnik va infratuzilmaviy rivojlanish dasturini amalga oshira boshladi. O‘zgarishlar doirasida kompaniya o‘z to‘lov konturini barqarorlashtirdi, terminal infratuzilmasini yangiladi va tarmoqning butun mamlakat bo‘ylab barqaror ishlashini ta’minlash uchun servis jamoalarini kuchaytirdi.

HUMO to‘g‘risida

HUMO (“Milliy banklararo protsessing markazi”) – hisob-kitoblar, to‘lov vositalari, texnologik yechimlar va banklararo pul mablag‘lari o‘tkazmalari tizimini birlashtiruvchi O‘zbekiston milliy to‘lov tizimi. HUMO mamlakat ichida pul mablag‘lari harakatini va xorijiy to‘lov tizimlari bilan integratsiyani ta’minlaydi.

Mavzuga oid