O‘zbekiston | 08:57
854
2 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlari aniqlashtirildi

Yangi qabul qilingan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Mazkur qonunga muvofiq, mahalliy darajadagi boshqaruv organlarining ayrim yo‘nalishlardagi huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yildi. Xususan, “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlariga bekatlar, to‘xtab o‘tish va dispetcherlik manzillari hamda boshqa obektlarni joylashtirish, qurish va obodonlashtirish masalalarini hal qilish kiritildi.

Shuningdek, aholiga transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha shahar yo‘lovchilar transportini boshqarish organi bilan shartnoma tuzish, transport harakatini tashkil etish rejasini ishlab chiqish hamda yo‘lovchilar tashish xizmatlari sifati ustidan nazorat olib borish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari sifatida belgilandi.

Qonun bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari avtomobil transportini rivojlantirish bo‘yicha kompleks mintaqaviy dasturlarni tasdiqlashi va ular ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishi ham nazarda tutildi. Bundan tashqari, mahalliy budjetlarning yong‘in xavfsizligi, jumladan yong‘indan saqlash xizmati ta’minoti xarajatlariga oid qismi ham vakillik organlari tomonidan tasdiqlanishi ko‘zda tutildi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid