Adliya vazirligi “Mediatorlar tomonidan statistika ma’lumotlarini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami: 3740, 05.01.2026 y.).
Nizomga ko‘ra, mediatorlar statistika ma’lumotlarini har chorak uchun hisobot davridan keyingi oyning 5-sanasigacha hududiy adliya organlariga taqdim etadi. Agar taqdim etish muddatining so‘nggi kuni dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, muddat keyingi ish kuniga uzaytiriladi.
Shuningdek, statistika ma’lumotlarida xato yoki kamchiliklar aniqlanganda mediatorlar shu kunning o‘zida ularni bartaraf etish zarurligi haqida xabardor qilinadi.
Hududiy adliya organlari taqdim etilgan ma’lumotlarni umumlashtirib, hisobot davridan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmay Adliya vazirligiga kiritadi. Adliya vazirligi esa umumlashtirilgan statistika ma’lumotlarini hisobot davridan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirishi belgilangan.











