Markaziy bankning Bank nazorati qömitasi tomonidan 2025 yilning dekabr oyidagi yiğilişlar davomida 45 ta masala körib çiqildi va ular böyiça tegişli qarorlar qabul qilindi, deya xabar berdi regulyator axborot xizmati.
Röyxatga oliş va ruxsat beriş yönalişida jami 30 ta masala körib çiqilgan. Jumladan, kredit taşkilotlari ustaviga kiritilgan özgartirişlarni röyxatdan ötkaziş (5 ta), yangi oçilayotgan mikromoliya va kredit taşkilotlarini hisob röyxatidan ötkaziş (4 ta), kredit taşkilotlarining ustav fondidagi uluşiga egalik qiliş uçun ruxsat beriş (4 ta), “tartibga soliş qumdoni” asosida faoliyat yuritiş (1ta), banklarning auditorlik tekşiruvlarini ötkaziş huquqi uçun auditorlik malaka sertifikatini beriş (4 ta) şuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengaşi va boşqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini körib çiqiş (12 ta) bilan boğliq masalalar muhokama qilingan.
Şu bilan birga, kredit taşkilotlarining moliyaviy holatiga oid 15 ta masala, xususan, Markaziy bankning körsatmalari va prudensial me’yorlari talablari bajarilişi, tijorat banklari, kredit va mikromoliya taşkilotlarida ötkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molçilarining huquqlarini himoya qiliş, şuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallaştirişga, terrorizmni moliyalaştirişga va ommaviy qirğin qurolini tarqatişni moliyalaştirişga qarşi kuraşiş hamda bank va tölov taşkilotlarida kiberxavfsizlikni ta’minlaşga qaratilgan masalalar körib çiqilgan.
Prudensial normativ talablariga rioya etilmagani, faoliyatini qonunçilik talablariga muvofiqlaştirmagani hamda inspeksiya tekşiruvlari davomida aniqlangan kamçiliklar uçun 10 ta bank, 1 ta tölov taşkiloti va 1 ta tölov operatoriga nisbatan ta’sir çoralari va sanksiyalar qöllanişi töğrisida ogohlantiriş berilgan.
Şuningdek, Markaziy bank talablari, ötkazilgan inspeksiya tekşiruvlari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallaştirişga, terrorizmni moliyalaştirişga va ommaviy qirğin qurolini tarqatişni moliyalaştirişga qarşi kuraşiş qoidalariga rioya etmagani uçun 10 ta bank va 1 ta mikromoliya taşkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qöllangan.












