Donald Tramp AQŞ Grenlandiyani «qanday bölmasin» qölga kiritişi kerakligini muttasil ravişda takrorlab keladi. Bunday agressiv yondaşuv orolni Rossiya yoki Xitoy tomonidan egallab olinişining oldini oliş sifatida oqlanyapti. Uşbu kontekstdagi eng muhim instrument – pul bilan boğliq. Grenlandiya aholisi – atigi 57 ming kişini taşkil etadi va orol köp jihatdan Kopenhagendan keladigan subsidiyalarga qaram bölib qolgan. Vaşingtonning yirik investitsiyalari Grenlandiya aholisi uçun jozibali bölib körinişi ham mumkin. Dastlab Tramp orolning har bir fuqarosiga AQŞga qöşilişi uçun 100 ming dollargaça pul tölamoqçiligi haqida xabarlar çiqdi. Ammo, bu taklif mahalliy aholini qiziqtira olgani yöq. Vaşingtondagilar stavkani yanada oşirişmoqçi.
Grenlandiyaning narxi qança?
Olimlar va sobiq AQŞ rasmiylarining hisob-kitoblariga köra Grenlandiyani sotib oliş Qöşma Ştatlarga 700 mlrd dollarga tuşişi mumkin. Tramp davlat kotibi Marko Rubioga yaqin haftalar içida orolni xarid qiliş böyiça taklif tayyorlaşni buyurgan. Taqqoslaş uçun, amerikaliklar 1803 yilda Luizianani Fransiyadan 15 mln dollarga, 1867 yilda Alyaskani Rossiyadan 7,2 mln dollarga sotib olişgandi.
AQŞ avval ham Grenlandiyani sotib oliş masalasini körib çiqqan va 1946 yilda 100 mln dollar (bugungi hisobda qariyb 1,7 mrld dollar) miqdorida rasmiy taklif bildirgan. Daniya bu taklifni rad etgan. Öşa paytda bu summa AQŞ yalpi içki mahsulotining 0,04 foiziga teng bölgan. Hozirda şunday nisbat taxminan 1,2 mlrd dollarga töğri keladi.
Köplab tahlilçilar Grenlandiyaning haqiqiy qiymati ança yuqori deb hisoblaydi. «Bir neça trillion dollar atrofidagi narx mantiqan töğri böladi», deydi American Action Forum tahlil markazi prezidenti Duglas Hols-Ikin. Uning jamoasi Grenlandiyaning taxminiy qiymatini hisoblaşda tabiiy resurs zaxiralari hamda köçmas mulk sifatidagi potensialini inobatga olgan. 2025 yil yanvarda e’lon qilingan va AQŞ, Daniya hamda Grenlandiyadagi geologik tadqiqotlar ma’lumotlariga tayangan tadqiqotga köra, orolda aniqlangan muhim minerallar va energetika resurslarining umumiy qiymati 4,4 trln dollardan oşadi. Agar 2021 yilda ekologik sabablar bilan qidiruv litsenziyalari beriş töxtatilgan neft va tabiiy gaz konlarini hisobdan çiqarsa, bu körsatkiç 2,7 trln dollargaça kamayadi. Ammo, orolda inson resurslarining yetişmasligi va öta sovuq iqlim sabab zaxiralardan töliq foydalaniş imkoniyati past.













