Özbekistonda havo harorati keskin pasayişi tufayli energetika tizimi kuçaytirilgan iş rejimiga ötkaziladi.

Energetika vazirligi elektr, issiqlik va gaz ta’minoti obektlarida qöşimça texnik tekşiruvlar ötkazilgani, energiya işlab çiqariş va ta’minlaş quvvatlari hozirgi ob-havo şaroitlariga moslaştirilganini ma’lum qilgan. Mas’ul xizmatlar kun-u tun kuçaytirilgan rejimda işlamoqda.

«Sovuq kunlarda energiyaga bölgan talab ortadi. Ayrim hududlarda vaqtinçalik texnik çeklovlar bölişi mumkin. Bunday holatlarda aholi va ijtimoiy obektlarni barqaror ta’minlaş ustuvor vazifamiz böladi», – deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Vazirlik iste’molçilarni elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanişga, isitiş uskunalaridan tejamkorlik bilan foydalanişga çaqirgan.

«Uy-joylarda issiqlikni saqlaş orqali ham energiya tejaladi, ham xona iliq böladi», – deya qayd etadi vazirlik.

Aholidan yana quyidagilar söralgan:

  • isitiş uskunalarini qarovsiz qoldirmaslik;
  • ulardan foydalaniş vaqtida xonada şamollatişni ta’minlaş;
  • dudburon va ventilyatsiya tizimlarining işlaş holati muntazam tekşirib turiş.

«Is gazidan zaharlanişning oldini oliş maqsadida yopiq xonalarda oçiq olov yoki nosoz isitiş qurilmalaridan foydalanmaslik, imkon qadar is gazi aniqlagiç uskunalardan foydalaniş tavsiya etiladi», – deyilgan xabarda.

Elektr energiyasi va gaz ta’minoti bilan boğliq savollar böyiça fuqarolar quyidagi raqamlarga 24/7 qönğiroq qilişi mumkin: 1154 (elektr ta’minoti), 1104, 104 (gaz ta’minoti).

Avvalroq, Özgidromet 17 yanvarga ötar keçasi Özbekiston hududining katta qismida harorat pasayişi va yoğingarçilik (yomğir/qor) bölişi haqida xabar bergan edi.