Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada Abu-Dabi uchrashuvi natijalariga shubha bilan qaraldi
Germaniya partiyalari vakillari va ekspertlar RF, AQSh va Ukraina o‘rtasida Abu-Dabida 23–24 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralar yakunlarini shubha bilan baholadi. Biroq Germaniyada ayrimlar “kichik umid uchquni” haqida ham gapirdi.
Nemis partiyalari vakillari 23 va 24 yanvar kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan Rossiya, AQSh va Ukraina vakillarining ilk uch tomonlama muzokaralari haqida fikr bildirdi. Siyosatchilarning ko‘pchiligi hech qanday o‘zgarishni ko‘rmayapti, bir qismi esa “kichik umid uchquni” borligini aytdi. Ular o‘z mulohazalarini yakshanba, 25 yanvar kuni bildirdi.
“Yana bir bor Ukraina bo‘yicha muzokaralar natijasiz bo‘lib chiqdi. Va yana bir bor aynan Rossiya o‘zining maksimalistik talablari bilan haqiqiy o‘zgarishga to‘sqinlik qildi. Abu-Dabida muzokaralar davom etayotgan paytda ham Ukrainaga tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi hujumlar to‘lqinlari uyushtirilmoqda”, — deb yozadi Rhenische Post gazetasi XDI/XSI (Xristian-demokratik va Xristian-sotsial ittifoqlar) fraksiyasining Bundestagdagi tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Yurgen Xardt so‘zlarini keltirib. Uning fikricha, “Putin hali ham haqiqiy tinchlikni istamayapti, u Ukrainaning taslim bo‘lishini istayapti”.
Xardtning bu fikriga XDI/XSI fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Norbert Ryottgen ham qo‘shildi. U “Putin bilan muzokara qilib biror narsaga erishish mumkin” degan g‘oyani “illyuziya” deb atadi. “Putin bu urushni istayapti va o‘zini g‘alaba sari ketayotgandek hisoblayapti”, — deydi siyosatchi. Ryottgen, shuningdek, Rossiya prezidenti hozir ehtimol “iqtisodiy va siyosiy jihatdan” urushni to‘xtatishga qodir emasligini ham aytdi.
“U iqtisodiyotini butunlay vayron qildi. Unda ikki xonali inflatsiya va foiz stavkalari bor. U Xitoyga qaram, uning neft biznesi ishlamayapti. U hozir frontda turgan bir million askarni jamiyatga qaytara oladimi o‘zi? Ishsiz va ruhiy-jismoniy jarohat olgan bu odamlarni”, — dedi u ARD telekanalida Karen Miosga olib boradigan tok-shou dasturida.
Bundestagdagi “yashillar” fraksiyasi raisi o‘rinbosari Agneshka Brugger ham muzokaralar “hozircha hech qanday taraqqiyot bermagani”ni aytdi. U Yevropani “Putinga nisbatan ko‘proq bosim o‘tkazishga va Ukrainaga kattaroq yordam, shuningdek ishonchli xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga” chaqirdi.
Potsdam universiteti professori, harbiy ekspert va tarixchi Zyonke Naytsel esa Putin Abu-Dabidagi muzokaralardan Donald Tramp bilan “umumiy kelishuv” tuzish uchun unga yondashuv yo‘lini topish maqsadida foydalanayotganini aytdi. “Lekin men Putin urushni tugatishi kerak, deb hisoblayotganiga mutlaqo hech qanday alomat ko‘rmayapman. Faqat Putin sulh (o‘t ochishni to‘xtatish) orqali urushni davom ettirishdan ko‘ra ko‘proq yutuqqa erishishini tushungandagina, qandaydir sulh bo‘lishi mumkin”, — dedi ekspert ARD efirida.
Muzokaralarga nisbatan ijobiyroq munosabatni Bundestagdagi So‘l partiya fraksiyasi hamraisi Zyoren Pelmann bildirdi.
“Bu — kichik umid uchquni, gap konstruktiv muzokaralar haqida ketyapti. Albatta, kelishmovchiliklar hali ham juda katta va ayrim jihatlarda yengib bo‘lmaydigandek tuyulyapti. Ammo muzokaralar olib borilyapti”, — dedi siyosatchi.
Bu fikrni siyosatshunos Daniela Shvarser ham qisman qo‘llab-quvvatladi: “Bir qarashda, bu muzokaralardan deyarli hech narsa chiqmagandek tuyuladi. Lekin yaxshi tomoni — bir haftadan keyin yana bir uchrashuv bo‘lishi kerak. Bu biroz umid beradi. Ammo men Putinning tayyorligiga juda shubha bilan qarayman”, — dedi u ARD efirida.