Shartnomaga ko‘ra, ijtimoiy yordam oluvchi yosh quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zining shaxsiy rivojlanishiga qaratilgan shartlarni bajarishi kerak bo‘ladi:
- ta’limni uzluksiz davom ettirish (uzrli sabablar bundan mustasno);
- o‘qishda ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishish;
- volontyorlik faoliyatida ishtirok etish;
- «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi loyihalarda qatnashish;
- ilmiy, ilmiy-ommabop va badiiy kitoblarni muntazam mutolaa qilish;
- tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish asosida faoliyatni yo‘lga qo‘yish;
- xorijiy tillarni o‘zlashtirib, kamida B1 darajasiga erishish.
Bunda har bir yordam turi bo‘yicha qaysi shartlar aniq qo‘yilishi ijtimoiy yordamning xususiyatidan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.
Qonunchilikda, agar ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmasa yoki lozim darajada bajarilmasa, choralar bosqichma-bosqich qo‘llanishi ko‘rsatilgan:
- avval — 15 kun ichida bajarish zarurligi haqida ogohlantirish;
- keyin — ijtimoiy yordam miqdorini 15–30 foizgacha kamaytirish;
- zaruratda — ijtimoiy yordamni 1 oydan 6 oygacha vaqtinchalik to‘xtatish;
- takroriy/og‘ir holatlarda — ijtimoiy yordamni 1 yil va undan ortiq muddatga to‘xtatish.
Shu bilan birga, agar «kamaytirish» yoki «vaqtinchalik to‘xtatish» choralaridan so‘ng shartlar to‘liq bajarilsa, qo‘llangan choralar bekor qilinib, ko‘rsatilmay qolgan yordamlar to‘liq taqdim etilishi ham belgilangan.
Ijtimoiy shartnomani rasmiylashtirish tartibi ham ko‘rsatilgan: u tegishli mahalladagi yoshlar yetakchisi va yordam oluvchi shaxs o‘rtasida Yoshlar yagona elektron platformasi orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi (18 yoshgacha bo‘lsa — ota-ona yoki o‘rnini bosuvchi shaxs ishtirokida). Monitoring va baholash ham platforma orqali avtomatik amalga oshirilishi qayd etilgan.
Shartlarni kamida 6 oy davomida yuqori darajada bajargan yoshlarni rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan. Jumladan, murojaat vaqtidan qat’i nazar, ularga imtiyozli tarzda navbatdan tashqari ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi mumkin.








