2026 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 38 mln 236 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 foizga ko‘paydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

2025 yil davomida O‘zbekistonda 879,6 mingta tug‘ilish qayd etildi. Bu oxirgi 5 yillikdagi eng past ko‘rsatkich. Xususan, tug‘ilishlar soni 2024 yilga nisbatan 46,8 ming kishiga yoki 5 foizga, 2023 yilga nisbatan esa 82,4 ming kishiga yoki 8,5 foizga qisqardi.

Vafot etganlar soni 177,1 ming kishini, har ming aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,7 promilleni tashkil etdi. Vafot etganlar soni 2025 yilda 2024 yilning mos davriga nisbatan 2,7 ming nafarga ko‘paygan.

2025 yilda O‘zbekistonda 454,7 ming nafar o‘g‘il bola, 424,9 ming qiz bola tug‘ilgan. Bunda respublika bo‘yicha har 100 qiz bolaga 107 nafar o‘g‘il bola to‘g‘ri kelgan.

Nega aholi kamayyapti?

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev yillar kesimida O‘zbekistondagi tug‘ilish dinamikasini tahlil qilgan holda, qisqarishni «mavsumiylikka» xos xususiyat sifatida baholagandi.

«Mustaqillikdan yangi asrgacha bo‘lgan iqtisodiy qiyinchilik va tiklanish davrida tug‘ilishning pasayishi odatiy holga aylanib qolgandi. 1992-2000 yillarda faqatgina 1995 yilda tug‘ilish 3,2 foiz o‘sgan bo‘lsa, qolgan barcha yillarda chuqur pasayishi kuzatilgan. Xo‘sh, kuzatilayotgan qisqarish yaqin tariximizda kuzatilgani kabi bir yillikmi yoki uzoq davom etuvchi demografik muammolarning boshlanishimi?

Bu savolga aniq javob topish qiyin, lekin menimcha, hozirgi pasayish chuqur muammolarni ifoda etmaydi. Buning asosiy sababi 1992-2001 yillardagi tug‘ilishning pasayishi hisoblanadi. O‘sha yillarda tug‘ilishlar soni qariyb 30 foizga kamaygan. Masalan, mustaqillikning ilk yillarida 700 mingdan ko‘proq bola tug‘ilgan bo‘lsa, yangi asrga kelib bu ko‘rsatkich 500 minggacha qisqardi. Hozirga kelib mustaqillikning ilk davrida tug‘ilgan insonlar farzand ko‘rish davridan o‘tmoqda va ayni chuqur pasayish davrida tug‘ilganlar mamlakatdagi tug‘ilishlar sonida asosiy rol o‘ynay boshlagan. Bu esa tabiiy ravishda tug‘ilishning kamayishiga olib kelayotgan bo‘lishi mumkin», deya yozgandi Xolboyev.