“Andijon polkasi”ni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun viloyat hokimi qarori bilan 730 mln so‘m ajratilgani ma’lum bo‘ldi.
Andijon viloyati hokimining mablag‘ ajratish haqidagi qarori 22 iyun kuni imzolangan. Hujjatda viloyat byudjyetining 2026 yil zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Andijon polkasi”ni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish bilan bog‘liq xarajatlarga 730 mln so‘m mablag‘ ajratish belgilangan.
Mablag‘ viloyat madaniyat boshqarmasiga ajratilgan. Uni maqsadli va samarali ishlatishni ta’minlash boshqarma boshlig‘iga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 23 iyun kuni Andijon viloyati markazidagi stadionda «Andijon polkasi» raqsiga tushish orqali rekord o‘rnatilgandi. Stadionda 20 ming kishi bir vaqtning o‘zida raqsga tushgan.
Ular orasida Asaka tumanidagi 14-maktabning 8-sinf o‘quvchisi, 15 yoshli Farrux Ne’matov ham bo‘lgan. U o‘sha kuni tadbirdan qaytishda o‘zi o‘qiydigan maktab direktori boshqaruvidagi Damas'da avtohalokatga uchrab, shifoxonada vafot etgandi.
“Hokimiyatdan kelgan topshiriqni deb, bolamga kuyib o‘tiribman”, degandi marhumning onasi.











