28 fevral kuni sayyoralar paradi sodir böladi. Bu haqda Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti xabar berdi.
Ma’lum qilinişiça, kutilayotgan paradda Quyoş tizimidagi 6 ta sayyora – Merkuriy, Venera, Neptun, Saturn, Uran va Yupiter iştirok etadi. 28 fevral kuni Quyoş ufqqa botganidan keyin uşbu sayyoralar paradini Özbekistonning barça hududidan kuzatiş mumkin böladi.
Paradda iştirok etadigan sayyoralardan faqat 4 tasini oddiy köz bilan köriş mumkin. Bular Merkuriy, Venera, Saturn va Yupiter. Juda xira bölgani sababli Neptun va Uranni köriş uçun maxsus optik uskunalar (teleskop yoki binokl) kerak böladi. Merkuriy va Venera Quyoşga yaqin bölgani uçun parad vaqtida ular ufqqa juda yaqin joylaşadi. Bu esa ularni osmonda köriş imkoniyatini kamaytiradi.
Saturn, Neptun, Venera va Merkuriy paradda bir-biriga juda yaqin joylaşadi. Uşbu sayyoralar Quyoş botgaç unga ergaşib botişni boşlaydi. Şu sababli bu sayyoralarni köriş uçun ğarbiy osmon ufqini baland binolar tösmaydigan tepalikdan kuzatiş lozim.
Mars sayyorasi Yerdan qaralganda Quyoşdan avval ufqqa botib ketadi. Şu sababli u bu safargi sayyoralar paradida iştirok etmaydi.
Astronomiya instituti sayyoralar paradi şunçaki oldindan hisoblaş mumkin bölgan noyob astronomik voqea ekanini, uni inson taqdiri va kelajagiga boğlagan holda turli başoratlar qiliş xatoligini qöşimça qilgan.
Ma’lumot uçun, sayyoralarning saf tortişi — astronomik atama bölib, bunda ikki va undan ortiq sayyora Quyoşning bir tomonida töğri çiziqda yoki bir-biriga yaqin 20-30 gradusli burçakda joylaşadi. Sayyoralar paradi esa uşbu hodisaga beriladigan norasmiy ta’rif.












