O‘zbekistonda yopiq Telegram-kanallar orqali bolalar ishtirokidagi pornografik materiallar tarqatilgani aniqlandi. Qo‘lga olinganlardan biri 3750 ta, yana biri 925 ta, boshqasi 403 ta shunday materiallarni tarqatgan. Xo‘sh, bunday “kontent” xaridorlari kimlar?
Jinoyatchilar ham “hazar qiladigan” jinoyat
O‘zbekistonda yopiq Telegram-kanallar orqali bolalar ishtirokidagi pornografik materiallar tarqatilgani aniqlandi. Gumonlanuvchilardan biri 925 ta, yana biri 403 ta, yana boshqasi 3750 ta shunday materiallarni tarqatgan. Ulardan biri shuning ortidan qariyb 30 mln so‘m noqonuniy daromad qilgan. Bu raqamlar ortida og‘ir savol turibdi: nega bunday materiallarga talab bor va ular kimlar?
Keling, og‘ir bo‘lsa-da bu masala haqida biroz o‘rganamiz. Xalqaro amaliyotda “bolalar pornografiyasi” atamasi o‘rniga ko‘proq “Child Sexual Abuse Material” (CSAM), ya’ni bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallari atamasi ishlatiladi. Chunki bu yerda gap yopiq kanallarda sotilayotgan “kontent” haqida emas, balki bolalarga qarshi sodir etilayotgan jinoyat haqida ketmoqda.
Kimlar asosiy talabgorlar?
Interpol va ECPAT International xalqaro tashkiloti tomonidan 2018 yilda e’lon qilingan hisobotda qayd etilishicha, bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasi aks etgan videolarni tarqatish – internetda eng tez o‘sib borayotgan jinoyat turlaridan biri. Asosiy iste’molchilarning katta qismi – katta yoshli erkaklar bo‘lib, ko‘p holatda ular avval sudlanmagan, ijtimoiy hayotdagi “oddiy” odamlar bo‘lgani uchun biz ularni ajrata olmaymiz. Ularning talabi darknet va messenjerlardagi yopiq kanallar orqali shakllanadi.
Tadqiqotda tahlil qilingan materiallarning 84 foizida balog‘atga yetmagan shaxslarning ochiq jinsiy harakatlari aks etgan. Bu jinoyatchilarning qariyb 93 foizi erkaklar ekani qayd etilgan. Bu fotosurat yoki videolar bolalarning ishonch doirasiga kiruvchi shaxslar tomonidan tarqatilgan. Jabrlanuvchilar orasida qizlarning ulushi kattaroq, ammo o‘g‘il bolalar ulushi ham anchagina.






