Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli koʻchasida joylashgan sobiq «Toʻqimachi» stadioni buzilayotgani aks etgan video muhokamalarga sabab boʻldi. Kun.uz vaziyatni oʻrgandi.

Stadion davlatga tegishli emas
Kadastr agentligining Kun.uz’ga maʼlum qilishicha, sobiq “Toʻqimachi” stadioni Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga tegishli mulk hisoblanadi. Yakkasaroy tumani, “Dilbuloq” MFY, Qushbegi koʻchasi 5a-uy manzilida joylashgan ushbu oʻyingohni oʻz ichiga olgan, 35 753 kv.m yer maydoni tegishli hujjatlar asosida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi taʼsischiligidagi “Yakkasaroy sport sogʻlomlashtirish majmuasi” MCHJ nomiga kadastr pasporti shakllantirilib, yer maydoni va bino-inshootlarga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Stadion oʻrnida nima boʻladi?
28-avgust kuni OʻFA rahbariyati «Toʻqimachi» stadioni oʻrniga boshqa obyekt qurilmasligini, stadionning oʻzi yangilanishini maʼlum qildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining Kun.uz’ga maʼlum qilishicha, mazkur hududda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsat berilgan.
“Hududda 5 qavatli avtoturargoh, 4 qavatli maishiy xizmat koʻrsatish obyekti, savdo majmualari, stadion va tomosha tribunasi, 2 qavatli yerosti avtoturargohi qurilishi koʻzda tutilgan. Qurilish vazirligi huzuridagi kengash tomonidan mazkur loyiha tasdiqlanib, inspeksiya roʻyxatidan oʻtgan” deyiladi qurilish inspeksiyasining Kun.uz’ga bergan maʼlumotida.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi masʼulining Kun.uz’ga maʼlum qilishicha, hududdagi ishlar stadionni buzishni emas, balki uni rekonstruksiya qilib, infratuzilmasini yaxshilashni nazarda tutadi. Yangilanishdan keyin stadionda oʻtkaziladigan sport musobaqalari vaqtida mehmonlar va tomoshabinlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.



