The New York Times gazetasi Eron rahbariyatigi olti manba bilan o‘tkazilgan intervyular asosida islom respublikasi ehtimoliy urushga qanday tayyorlanayotgani haqida hikoya qildi. Barcha kuchishlatar tuzilmalar shay holatga keltirilgan. Rejimning asosiy xavotiri – siyosiy xaos kelib chiqishidan. Uning oldini olish uchun misli ko‘rilmagan choralar ko‘rilgan. Mamlakatga rahbarlik amalda Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi – konservator, xavfsizlik kuchlari xodimi va Eron siyosati faxriysi Ali Larijoniyga o‘tgan.

2026 yil yanvar oyidan boshlab Eronda oyatulloh rejimiga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari va Amerika havo hujumlarini kutish fonida Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy mamlakatning amaldagi rahbariga aylangan. Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy norozilik namoyishlarini bostirish va urushga tayyorgarlik ko‘rish vazifasini aynan unga topshirgan. Shuningdek, u rejimning asosiy hamkorlari – Rossiya, Qatar va O‘mon bilan aloqalarni davom ettirmoqda. AQSh bilan muzokaralarni rasman tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi olib borayotgan bo‘lsa-da, u sahna ortida turib jarayonni nazorat qilmoqda.

67 yoshli Larijoniy nufuzli klanga mansub: uning otasi taniqli shia voizi, akalaridan biri – Xominaiyning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi, boshqasi Eron sud tizimi rahbari bo‘lgan, hozirda esa mamlakat oliy rahnamosi huzuridagi maslahat organi hisoblangan Shariat kengashini boshqaradi. Uning boshqa qarindoshlari ham islom respublikasi diniy va siyosiy tuzilmalarida muhim lavozimlarni egallagan.

Ali Larijoniyning o‘zi Islom inqilobi muhofizlari korpusida brigada generali darajasigacha ko‘tarilgan, o‘n yil mobaynida davlat teleradiokompaniyasini boshqargan. 2005 yilda prezidentlik saylovlarida nomzodini qo‘ygan, ammo atigi oltinchi o‘rin bilan cheklangan. O‘sha yilgi saylovlarda g‘olib chiqqan Mahmud Ahmadinajot uni Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi etib tayinlaydi. Larijoniy 2008 yilda bu lavozimdan bo‘shaydi va Eron parlamenti spikeriga aylanib, bu lavozimda 2020 yilga qadar ishlaydi.

Larijoniy Xominaiyning ishonchiga kirgan yaqin kishisiga aylangan. U o‘taketgan konservator (islom inqilobi prinsiplariga qattiq amal qiladi), islom respublikasining boshqaruv tuzilmalarida katta va xilma-xil ish tajribasiga ega. 2000-yillarda u Eron yadroviy dasturi bo‘yicha AQSh bilan o‘tkazilgan muzokaralarni nazorat qilgan, 2020-yillarda esa Eronning Xitoy bilan yaqinlashuv siyosatining bosh me’mori bo‘lgan.

2025 yil boshida Larijoniyning mamlakat siyosiy hayotidagi faolligi ortadi, Eron prezidenti Mahmud Pizishkiyonning ta’siri esa zaiflashadi. Moskvada Vladimir Putin va Yaqin Sharq yetakchilari bilan uchrashuvda aynan u qatnashgandi. OAVda va ijtimoiy tarmoqlarda ham aynan u islom respublikasi pozitsiyasini ifoda eta boshladi.