Taqdimotda keng jamoatchilik, soha ekspertlarining takliflari hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tayyorlangan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qator masalalar bo‘yicha quyidagi takliflar bildirildi:
– shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qat’iylashtirish;
– pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazoni belgilash;
– Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalaridagi jinsiy jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga o‘tkazmaslik;
– Jinoyat kodeksining 6 ta moddasidagi jinsiy jinoyatlar bo‘yicha ishlarni tergov qilish vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga o‘tkazish;
– shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid materiallarda jinoyat alomatlari mavjud emasligi bo‘yicha prokuror qarorini olish shartligi;
– ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar, tergovchi va sudyalar shug‘ullanishi;
– zo‘ravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus “SOS” ilovalarini o‘rnatish, bunda chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqada manzilga yetib kelishi va boshqalar.


Shuningdek, nikohlarning 40 foizi 18-19 yoshdagilar o‘rtasida tuzilishi, biroq xalqaro tashkilotlarning eng maqbul nikoh yoshi 21 yosh ekani, bu yoshga yetgan shaxslar odatda moliyaviy mustaqillikka erishib, oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lishi haqidagi tavsiyalari asosida quyidagi tashabbuslar bildirildi:
– nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar o‘rtasida tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish;
– davlat bojidan imtiyozlar berish yo‘li bilan nikohlanuvchilar o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish;











