Jahon | 12:43 / 06.03.2026
1446
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha Ukrainadan qochqinlar uchun imtiyozlar va nafaqalarni qisqartirdi

Polsha 5 martdan boshlab Ukrainadan kelgan qochqinlar uchun ijtimoiy imtiyozlar va nafaqa to‘lovlarini qisqartirdi. Mamlakatda ukrainlar uchun vaqtinchalik himoya maqomi 2027 yil 4 martgacha amal qiladi.

Foto: Artur Widak/Anadolu/picture alliance

Polshada Ukrainadan kelgan qochqinlarga yordamni qisqartirish haqidagi qonun kuchga kirdi. 5 mart, payshanba kundan boshlab, urushdan qochib kelgan ukrainlar mamlakatda boshqa xorijliklar bilan bir xil qoidalar asosida yashaydi. Shu bilan birga, Ukraina fuqarolari uchun Polsha hududida qonuniy ravishda yashash imkonini beradigan vaqtinchalik himoya maqomi 2027 yil 4 martgacha uzaytiriladi.

Yangi qonun ijtimoiy imtiyozlar va nafaqa to‘lovlarini cheklashni nazarda tutadi. Endi bepul tibbiy yordam faqat voyaga yetmaganlarga, ishlaydigan shaxslarga, Ukraina qurolli kuchlarining yaralangan harbiylariga, qiynoq va zo‘rlash qurbonlariga, shuningdek, alohida himoyaga muhtoj aholi guruhlariga taqdim etiladi.

Ishlamaydigan shaxslar Polshada yashovchi boshqa ishlamaydigan xorijliklar bilan bir xil darajadagi tibbiy yordam olish huquqiga ega bo‘ladi. Qonun, shuningdek, qochqinlarga joylashtirish va oziq-ovqat bo‘yicha yordamni ham cheklaydi — bunday yordam faqat alohida himoyaga muhtoj aholi guruhlariga ko‘rsatiladi.

Polsha Rossiya agressiyasiga qarshi turishda Ukrainaning eng ishonchli tarafdorlaridan biri hisoblanadi. Polsha Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning 2022 yil fevral oyida boshlangan to‘liq miqyosli bosqinidan 2024 yil dekabrigacha Polshaga taxminan 1,6 million ukrain kelgan — asosan ayollar va bolalar.

Polshada ukrain qochqinlarini qo‘llab-quvvatlash masalasidagi bahslar 2025 yil may oyida o‘ng-konservativ “Huquq va adolat” (HvA) partiyasidan Karol Navrotskiy prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidan keyin kuchaydi. Navrotskiy ko‘p jihatdan AQSh prezidenti Donald Trampga taqlid qiladi. U ukrainlar uchun ijtimoiy yordam haqidagi qonunni bekor qilish qarorini «Avvalo Polsha» shiori bilan izohladi.

Polsha jamoatchiligining ukrain qochqinlariga munosabati ham o‘zgardi. 2026 yil yanvar oyida e’lon qilingan so‘rov natijalariga ko‘ra, harbiy qochqinlarga yordamni polyaklarning atigi 48 foizi qo‘llab-quvvatlaydi, 46 foizi esa bunga qarshi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid