Jahon | 15:46
1428
6 daqiqa o‘qiladi

Fitso Kiyevga 90 mlrdni to‘sishda “estafetani qabul qilish” bilan tahdid soldi

Agar Vengriya bosh vaziri Viktor Orban saylovda yutqazsa, Bratislava ham Ukraina uchun 90 milliard yevrolik Yevropa Ittifoqi kreditiga to‘sqinlik qilishga tayyor bo‘ladi, dedi Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso.

Foto: AFP / Scanpix

Agar amaldagi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban partiyasi parlament saylovlarida mag‘lub bo‘lsa, Slovakiya Vengriyaning Ukrainaga 90 milliard yevro miqdoridagi Yevropa Ittifoqi kreditiga to‘sqinlik qilishdagi “estafetasini qabul qilish”ga tayyor. Bu haqda Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso ma’lum qildi.

“Men sodda odam emasman. Ukraina prezidenti keyingi paytlarda bir oy yoki bir yarim oydan so‘ng yetkazib berish qayta tiklanishi haqida gapirmoqda, ya’ni Vengriyadagi saylovlardan keyin, u yerda muxolifat g‘alaba qozonishiga umid qilmoqda”, — dedi Fitso 8 mart, yakshanba kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi videomurojaatida.

Uning fikricha, shu muddat o‘tgach, “sharqdan keladigan neft uchun deyarli hech qanday imkoniyat qolmaydi, faqat Vengriya estafetasini boshqa birov qabul qilsa, balki”. Rossiya harbiy tajovuzidan beshinchi yil himoyalanayotgan mamlakat uchun kreditni to‘sishni Fitso “neft yetkazib berishni qayta tiklashga erishish uchun qonuniy vosita” deb atadi.

Vengriyada parlament saylovlari 12 aprelga belgilangan. So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, Peter Madyar rahbarligidagi muxolifatdagi “Tisa” partiyasi Orbanning FIDeS partiyasidan taxminan 10 foiz punktga oldinda bormoqda.

Slovakiya bosh vaziri, shuningdek, 10 mart kuni Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan uchrashuvda “Drujba” neft quvurining ishini qayta tiklash masalasini ko‘tarishini ma’lum qildi.

Jumladan, Fitso, agar “biror vintni burab qo‘yish kerak bo‘lsa”, Vengriyaga quvurni ta’mirlash bo‘yicha xizmat taklif qilishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Slovakiya hukumati rahbari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Orbanning aloqa ma’lumotlarini Ukraina qurolli kuchlariga berish haqidagi gaplarini eslab, bu “barcha qizil chiziqlarni kesib o‘tish” ekanini aytdi.

21 fevral kuni Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukrainaga yordam paketini va Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini to‘sib qo‘ydi. Bu qarorlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganining to‘rtinchi yilligiga qadar ma’qullanishi rejalashtirilgan edi. Bundan tashqari, Budapesht Ukrainaga dizel yonilg‘isi yetkazib berishni to‘xtatganini e’lon qildi.

Oradan bir kun o‘tib, Robert Fitso, agar Ukraina Slovakiyaga neft yetkazib berishni qayta tiklamasa, Ukrainaga favqulodda elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi. 3 mart kuni Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa komissiyasidan Ukrainaga ta’sir o‘tkazib, neft tranzitini qayta tiklashni talab qildi. Bu tranzit yanvar oyi oxirida Rossiya o‘qqa tutishi natijasida infratuzilmaga yetgan zarar tufayli to‘xtab qolgan edi. 5 mart kuni esa u Ukraina bilan hech qanday murosaga bormasligini va “Drujba” neft quvuriga nisbatan “ukrain blokadasi”ni kuch bilan tugatishini aytdi.

Volodimir Zelenskiy 27 fevral kuni Robert Fitso bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida u Slovakiya bosh vazirini “barcha dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun” Ukrainaga taklif qildi. Fitso bu taklifga hozircha munosabat bildirmadi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa avvalroq neft yetkazib berish to‘xtaganini Vengriya Ukraina hududidagi “Drujba” neft quvurining bir qismiga Rossiya zarba bergani haqiqati haqida jim qolayotgani bilan izohlagan edi. Kiyev talqiniga ko‘ra, bu zarba oqibatida Ukraina g‘arbidagi nasos stansiyalari shikastlangan. Bunga javoban Budapesht Ukraina tomoni mazkur quvur qismida elektr ta’minotini go‘yo o‘zicha o‘chirib qo‘yganini bildirdi.

Reuters agentligi avvalroq xabar berishicha, neft quvuri atrofidagi vaziyat tufayli u orqali nafaqat Rossiya nefti yetkazib berilishi, balki Ukraina xom neftini eksport qilish ham to‘sib qo‘yilgan. Agentlikka uch manba ma’lum qilishicha, Kiyev avval “Drujba” quvuridan xomashyoni Yevropa Ittifoqiga tashish uchun foydalangan.

Reuters xabariga ko‘ra, yetkazib berishning to‘xtashi Ukrainani budjet taqchilligini qoplash uchun zarur bo‘lgan daromadlardan mahrum qilmoqda va Kiyevni o‘z neft qazib olishini ham to‘xtatishga majbur qilishi mumkin.

Fevral o‘rtalarida Slovakiya hukumati “Drujba” neft quvuri orqali yetkazib berish to‘xtagani sababli “neft sohasida favqulodda vaziyat” e’lon qildi. Davlat Bratislavadagi, mamlakatdagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodi — Slovnaft'ga o‘zining strategik zaxiralaridan 250 ming tonnagacha neft ajratadi. Buning evaziga korxona balans qiymati miqdorida moliyaviy ta’minot yoki bank kafolatlarini taqdim etishi kerak bo‘ladi. Kompaniya davlat bergan neftni sentabrgacha qaytarishi shart.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid