“Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi. Hujjat 2026 yil 6 mart kuni PQ-84-son bilan qabul qilingan.
Qarorga asosan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar etib belgilangan.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligiga mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun O‘zbekiston tomonidan zarur bo‘lgan ichki davlat tartib-taomillari bajarilgani haqida afg‘on tomoniga tegishli bildirishnoma yuborish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur bitim O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo aylanmasini kengaytirish va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.







