Statistik ma’lumotlarga asosan, aholisi soni eng kam hududlar orasida G‘ozg‘on shahri yetakchilik qilmoqda. Ushbu shaharda doimiy aholi soni 9,5 ming nafarni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Tomdi tumani 15,2 ming nafar va Shirin shahri 19,4 ming nafar aholi bilan qayd etilgan.

Shuningdek, Qorovulbozor tumanida 20,7 ming, Bo‘zatov tumanida 21,8 ming, Yangiobod tumanida 30,5 ming nafar doimiy aholi istiqomat qiladi. Ro‘yxatning quyi pog‘onalaridan esa Mo‘ynoq tumani 34,1 ming, Konimex tumani 36,9 ming, Taxtako‘pir tumani 38,9 ming va Uchquduq tumani 39,9 ming aholi bilan joy olgan.

Mazkur ko‘rsatkichlar ayrim hududlarda aholi zichligi nisbatan past ekanini ko‘rsatadi. Bunday hududlar, odatda, geografik joylashuvi, tabiiy iqlim sharoiti, ish o‘rinlari soni, infratuzilma rivoji va migratsiya jarayonlari bilan ajralib turadi.

Aholi soni kam bo‘lgan hududlar ro‘yxati demografik holatni tahlil qilish, hududiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, infratuzilma va ijtimoiy xizmatlar qamrovini rejalashtirishda muhim ahamiyatga ega. Bu kabi ma’lumotlar kelgusida hududlarni kompleks rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush sifatini oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda asos bo‘lib xizmat qiladi.