Tayvan atrofida harbiy faollik yana kuçaydi: yakşanba kuni XXRning 26 ta harbiy samolyoti va 7 ta harbiy kemasi Tayvan iqtisodiy zonasiga kirgan, ularning 16 tasi bevosita xavfsizlik zonasida qayd etilgan. Bu hodisa Tayvan parlamentining AQŞdan yana qurol-yaroğ sotib oliş qarorlari fonida yuz berdi.

Mavzu yuzasidan Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilçilar şarhi.

Hikmatulla Kazakbayev: 16 mart kuni Xitoyning 26 ta harbiy samolyoti va 7 ta harbiy kemasi Tayvanning iqtisodiy zonasiga kirgan. Şu samolyotlarning 16 tasi töğridan töğri Tayvan havo hududiga ham kirib borgan. Bunday holatlar sönggi paytlarda tez-tez kuzatilmoqda. Masalan, oxirgi marta 6 mart kuni şunga öxşaş voqea qayd etilgan edi. Undan avval esa 27 fevral kuni ham şunday holat kuzatilgan.

Buning sababi, 12 mart kuni Tayvan parlamenti AQŞdan 9 milliard dollarlik qurol-yaroğ sotib oliş böyiça kelişuvni ma’qulladi. Ya’ni hukumatga AQŞdan katta miqdorda harbiy texnika xarid qiliş uçun ruxsat berildi. Uşbu paket tarkibida asosan HIMARS raketa tizimlari va tankka qarşi Javeline raketalari bor.

Bundan taşqari, 16 mart kuni Tayvan parlamentida yana qöşimça 14 milliard dollarlik AQŞ qurol-yaroğlarini sotib oliş masalasi muhokamaga qöyildi. Bu – Tayvanning harbiy salohiyatini sezilarli darajada oşirişga qaratilgan qadam sifatida körilmoqda.

Xitoy odatda Tayvanda yuz beradigan bunday siyosiy yoki harbiy qarorlarga özining harbiy faolligi bilan javob qaytaradi. Masalan, Tayvanga AQŞ vakillari taşrif buyursa, Tayvan boşqa davlatlar bilan harbiy yoki iqtisodiy kelişuvlar tuzsa, yoki orolda saylovlar ötkazilsa, Pekin köpinça harbiy maşğulotlar yoki kuç namoyişi orqali reaksiyasini bildiradi.

Hozirgi vaziyatda yana bir muhim omil bor. Ma’lumki, AQŞning Yettinçi floti asosan Janubi-Şarqiy Osiyo mintaqasida joylaşgan. Biroq Eron bilan boğliq mojarolar sabab uşbu flotning ayrim qismlari hozirda Yaqin Şarqqa köçirilgan. Bu esa ma’lum darajada AQŞ e’tiborining hozirça boşqa mintaqaga qaratilganini anglatadi. Şunday şaroitda, Xitoy ham öz harbiy salohiyatini namoyiş qilişga harakat qilmoqda.

Bundan taşqari, bunday parvozlar va harbiy harakatlar yana bir maqsadga ham xizmat qilişi mumkin – Tayvanning radar va kuzatuv tizimlarini tekşiriş. Çunki Xitoy samolyotlari yoki kemalari kirgani haqidagi ma’lumotlar asosan Tayvan radar tizimlari orqali aniqlanadi. Şu bilan birga, Xitoy hozir beşinçi avlod qiruvçi samolyoti – G-20'ni takomillaştiriş ustida işlamoqda. Bunday uçişlar uşbu texnologiyalarni sinovdan ötkaziş uçun ham foydali bölişi mumkin.