O‘zbekiston | 13:11
674
2 daqiqa o‘qiladi

Rieltorlik tashkilotlari uchun ichki nazorat qoidalari kuchaytirilmoqda

Rieltorlik tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklif etildi.

Loyihaga ko‘ra, rieltorlik tashkilotlarida mas’ul shaxs maqomi yanada aniqlashtirilib, u tashkilot rahbariyatiga bevosita hisobot beradigan va boshqa bo‘linmalardan mustaqil bo‘lgan lavozim sifatida belgilanmoqda.

Shuningdek, har bir rieltorlik tashkiloti pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki qoidalarni ishlab chiqishi, tasdiqlashi va amalda joriy etishi shart bo‘ladi. Ushbu qoidalar mijozlarni identifikatsiya qilish, tavakkalchiliklarni baholash, shubhali operatsiyalarni aniqlash va ular haqida vakolatli organlarga xabar berish tartibini o‘z ichiga oladi.

Loyihada mijozlar bilan bog‘liq hisob-kitoblarni naqdsiz shaklda amalga oshirishni rag‘batlantirish hamda naqd pul bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha yuqori xavflar haqida ogohlantirish choralari nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, rieltorlik tashkilotlari tomonidan mijozlarni tekshirish, yuqori xavfli operatsiyalarni monitoring qilish, shubhali holatlar bo‘yicha axborot almashish va komplayens nazoratini kuchaytirish bo‘yicha qator yangi talablar joriy etilmoqda.

Hujjatda, shuningdek, rieltorlik tashkilotlari rahbarlariga qo‘yiladigan talablar ham qat’iylashtirilib, ayrim toifadagi shaxslarni ushbu lavozimga tayinlashga cheklovlar kiritilmoqda.

Taklif etilayotgan o‘zgartishlar ko‘chmas mulk bozorida shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy xavflarni kamaytirish va xalqaro standartlarga muvofiq komplayens tizimini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish