Avto | 15:24
1692
2 daqiqa o‘qiladi

Avtogigantlar elektromobillarga o‘tish rejalarini ommaviy ravishda o‘zgartiryapti – FT

Kamida 12 ta yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya elektromobillarga o‘tish strategiyasini o‘zgartirdi. Bu qaror AQShdagi soliq imtiyozlari shartlarining o‘zgarishi va Yevropa Ittifoqida transport chiqindilari bo‘yicha talablarning yumshatilishi bilan bog‘lanyapti.

Foto: Megawatt Motors

Honda, Bentley, Lotus, Audi, Porsche, Mercedes-Benz, Ford, Stellantis, Volvo Cars, Rolls-Royce, Lamborghini va Ferrari elektromobillar ishlab chiqarish strategiyalarini qayta ko‘rib chiqdi, deya xabar berdi Financial Times.

Nashrning qayd etishicha, bunday qaror qabul qilinishiga ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga bo‘lgan talab hanuz yuqori ekani hamda AQSh va Yevropada davlat qo‘llab-quvvatlash choralarining bekor qilinishi ta’sir ko‘rsatgan.

Strategiyalarning o‘zgarishi, yangi modellar chiqarishning bekor qilinishi va moliyaviy rejalarning qayta ko‘rib chiqilishi natijasida avtomobil sanoati so‘nggi bir yil ichida kamida 75 milliard dollar yo‘qotgan.

Honda 2040 yilgacha ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatish rejasidan voz kechdi. Kompaniya strategiya o‘zgarishi sabab yaqin ikki yil ichida 16 milliard dollargacha zarar ko‘rishi mumkin.

Umuman olganda, Mercedes-Benz, Ford, Stellantis, Volvo Cars, Bentley, Lotus, Audi va Porsche yaqin o‘n yillikda to‘liq elektromobillarga o‘tish rejalarini o‘zgartirdi.

Rolls-Royce (BMW tarkibiga kiradi) 2023 yilda ilk hashamatli elektromobili Spectre’ni taqdim etganiga qaramay, 2030 yildan keyin ham benzinli avtomobillar ishlab chiqarishni davom ettirishini ma’lum qildi.

Ferrari 2030 yilgacha bo‘lgan elektromobillar ishlab chiqarish rejalarini ikki baravar qisqartirdi. Biroq kompaniya har qanday dvigatel turidan qat’i nazar, “haydash zavqi”ni bir xil darajada ta’minlash niyatida ekanini bildirgan.

Financial Times bu tendensiyani AQShdagi soliq imtiyozlari shartlarining o‘zgarishi va Yevropa Ittifoqida transport chiqindilari bo‘yicha talablarning yumshatilishi bilan izohladi. Ta’kidlanishicha, Donald Tramp hokimiyatga qaytgach, Oq uy elektromobillar xaridi uchun federal soliq imtiyozlarini bekor qilgan hamda zaryadlash infratuzilmasiga ajratiladigan mablag‘larni qisqartirdi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid