Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livit 30 mart kungi matbuot anjumanida arab davlatlari uruş xarajatlarini tölaşga yordam beriş uçun faollaşadimi, degan savolga javob berdi. U respublikaçi prezident uçun oldindan xulosa qilmasligini, lekin bu Trampda mavjud bölgan ğoya ekanligini aytdi.
«Öylaymanki, prezident ularni şunday qilişga çaqirişdan juda manfaatdor böladi. Bu uning xayolidagi ğoya ekanligini bilaman va öylaymanki, bu haqda undan yana köproq eşitasiz», dedi Livit.
Oq uy sözçisining ta’kidlaşiça, Tehronning oçiqçasiga aytayotgan gaplari AQŞ rasmiylariga şaxsiy uçraşuvlarda aytayotganlaridan farq qiladi. Xususan, Eron yopiq eşiklar ortida Vaşingtonning ba’zi şartlariga rozi bölgan.
«Rejimdan eşitayotgan barça ommaviy pöpisalar va yolğon xabarlarga qaramay, muzokaralar davom etmoqda va yaxşi ketyapti. Oçiqçasiga aytilayotgan gaplar, albatta, bizga şaxsiy tarzda yetkazilayotganidan ança farq qiladi», deya Livitning sözlarini keltirmoqda Reuters.
Tramp duşanba tongida Eron Hörmuz böğozini oçmasa, uning energiya zavodlari va neft quduqlari yer bilan yakson qilinişidan ogohlantirgan edi. Bu vaqtda Tehron AQŞning tinçlik takliflarini «haqiqatdan yiroq» deb atagan va Isroil bilan hujumlar almaşişda davom etayotgandi.
Uruş narxi qança?
Mart oyining boşida rasmiylar yopiq eşituvlarda AQŞ Kongressi a’zolariga uruşning dastlabki olti kuni 11,3 milliard dollarga tuşganini ma’lum qilgandi.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi hisob-kitoblariga köra, nizoning 12-kuniga kelib bu raqam 16,5 milliard dollarga yetgan. 28 fevral kuni AQŞ va Isroilning hujumi bilan boşlangan uruş 30 kunlik dovondan ham ötdi. Hozirda bu xarajatlar miqdori bir neça barobar köproq bölişi tayin.













