Qayd qilinishicha, yig‘ilishda chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 25 yilda dunyo mamlakatlarining 42 foizida qoramollar soni 12 foizga qisqargan. Buning asosiy sabablari qimmat ozuqa, qurg‘oqchilik, ekologik omillar, yuqori foiz stavkalari va daromad kamayishi bilan bog‘liq. Natijada jahon bozorida go‘shtning o‘rtacha narxi rekord darajaga yetgan.

O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat bor. Mamlakatda 16 million gektar yaylov mavjud, biroq bu salohiyatning atigi 10 foizidan foydalanilmoqda.

Shu bois, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. U Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida faoliyat boshlaydi.

Yangi agentlik oldiga qoramollar sonini 16,5 milliontaga, qo‘y va echkilar sonini 30 milliontaga, parrandalar sonini 141 milliontaga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, go‘sht va sutni qayta ishlash darajasini 50 foizga, nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish, ozuqabop ekin maydonlarini esa 1,5 barobar ko‘paytirish belgilandi.

Ozuqa bazasini kengaytirish va naslchilikni yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatdan 1 tadan tuman chorvachilikka ixtisoslashtiriladi.

Ushbu tumanlarda paxta va g‘alla yerlarining 50 foiziga ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat beriladi, buning uchun 10 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi. Barcha fermer xo‘jaliklariga ijara yerlarining 20 sotix qismida ortiqcha byurokratiyasiz yengil konstruksiyali binolar, ozuqa omborlari va silos o‘ralari qurishga ruxsat beriladi.

Yil yakuniga qadar kamida 10 gektar yeri bor 28 ming 746 ta fermer xo‘jaligi yerida 2 million bosh qoramol boqishni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Chorvachilikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilandi. 1 iyundan boshlab tijorat banklari yillik 10 foiz stavkada, 4 yil imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga kreditlar ajratadi. Nasldor chorvani import qiluvchilar 2029 yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

Banklarga yillik 6 foiz stavkada 1 trillion so‘m va 50 million dollar resurs joylashtiriladi. Ushbu resurslar hisobidan joriy yilda 5,5 trillion so‘mlik 1,5 mingta loyihani ishga tushirish, 25 mingta ish o‘rni yaratish va qoramollar sonini 400 mingtaga oshirish rejalashtirilgan.