O‘zbekistonlik kanoechi Artur Guliyev baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Jahon Kubogining II bosqichida zafar quchdi.

28 yoshli sportchi C1 200 metr masofasidagi final bahsida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U qizg‘in kurashda ispaniyalik Pablo Grana va rossiyalik Sergey Svinarevni ortda qoldirdi.

Guliyev marraga 00:38.44 soniyada yetib keldi. Pablo Grana 00:38.63 soniya, Sergey Svinarev 00:39.09 soniya natijani ko‘rsatdi.

Jahon Kubogining II bosqichi Germaniyaning Brandenburg shahrida 14-17 may kunlari o‘tkaziladi. Musobaqada 5 qit’aning 60 davlatidan 854 nafar sportchi ishtirok etmoqda. To‘rt kunlik musobaqa davomida 243 ta poyga o‘tkaziladi.

Jami 36 ta medallar to‘plami o‘ynaladi: baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha 24 ta va parakanoe bo‘yicha 12 ta.

Sportchilar reyting ochkolar va 2028 yilda Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqi uchun kurashadi.