Oliy Majlis Qonunçilik palatasining navbatdagi majlisida “Toşkent xalqaro moliya markazi töğrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinçi öqişda körib çiqildi.

Qonun loyihasida moliya markazining huquqiy maqomi, faoliyat tamoyillari, boşqaruv tizimi, vakolatlari va markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim aniq belgilangan.

Xususan, markaz hududida xalqaro investorlar uçun huquqiy barqarorlik va işonçli sud himoyasini ta’minlaşga qaratilgan qoidalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasi bilan Toşkent xalqaro moliya markazining institutsional tuzilmasi ham belgilanmoqda.

Şuningdek, markaz ma’muriyati, Toşkent moliyaviy xizmatlar boşqarmasi va Toşkent xalqaro tijorat sudining huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda.

Qayd etilganidek, Toşkent moliyaviy xizmatlar boşqarmasi litsenziyalaş, nazorat qiliş va ta’sir çoralarini qöllaş vakolatiga ega böladi. Toşkent xalqaro tijorat sudi esa markaz iştirokçilari örtasidagi nizolarni mustaqil ravişda körib çiqadi.

Deputatlar markaz iştirokçilari uçun yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida töxtaldilar. Loyihada markaz iştirokçilari va ularning xodimlariga xorijiy valutalarda hisob-kitob qiliş, çet ellik mutaxassislarni işga qabul qiliş, beş yilgaça amal qiladigan maxsus vizalar oliş huquqi berilişi nazarda tutilmoqda. Şu bilan birga, markaz hududida soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilişi belgilangan.

Uşbu Konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinişi Konstitutsiya va qator qonun hujjatlariga özgartiş va qöşimçalar kiritişni taqazo qiladi. Jumladan, Konstitutsiyaning 15-moddasiga kiritilayotgan qöşimçaga muvofiq, Özbekiston Respublikasi hududida yagona huquqiy makon saqlangan holda, alohida hududlarda qonun asosida maxsus huquqiy rejim örnatiş imkoniyati belgilanmoqda. Konstitutsiyaning 131-moddasiga kiritilayotgan qöşimça bilan esa maxsus huquqiy rejim amal qiladigan hududlarda ixtisoslaşgan sudlar taşkil etilişi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Şu bilan birga, 134-moddaga kiritilayotgan özgartiriş bilan ayrim maxsus holatlarda sud yurisdiksiyasi va sud işlarini yuritiş tartibi qonun bilan alohida belgilanişi mumkinligi mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinçi öqişda qabul qilindi.