Endilikda kitoblar nashr etilib, so‘ng shunchaki do‘konlarga tarqatilmaydi. «Yangi kitob» loyihasi doirasida har bir asar shou, animatsiya va turli media formatlar orqali “trend” darajasiga olib chiqiladi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu yondashuv kitobni nafaqat bozorda xarid qilinadigan mahsulot, balki yoshlar kundalik faoliyatida zarur bo‘lgan, ommabop va qadrli kontentga aylantiradi.

Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida “Yangi kitob” loyihasining rasmiy taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir prezidentning 2026 yil 15 yanvardagi PQ-9-son qarorida belgilangan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.

Loyiha Yoshlar ishlari agentligi, Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi, «Mutolaa» loyihasi hamda bir qator hamkor tashkilotlar qo‘magida yo‘lga qo‘yilmoqda. Ta’kidlanishicha, uning doirasida yangi asarlar oddiy nashr etilish bilan cheklanmaydi: kitoblar sahna ko‘rinishlari, ijodiy chiqishlar va videolavhalar orqali keng auditoriyaga tanishtiriladi. Shuningdek, tadbirlar onlayn va oflayn formatda translatsiya qilinadi.

«Shu paytgacha tadbirkor va startapchilarimiz yangi bilimlarni asosan xorijiy manbalardan izlashga majbur edi. Harvard biznes maktabining darslarini o‘zbekchaga o‘girish biz uchun shunchaki tarjima emas, millat iqtisodiyotiga qo‘shilgan muhim hissa bo‘ldi. To‘g‘risi, noshir aksar holatda orqa fonda qolib ketadigan inson. Lekin bugungi “Yangi kitob” loyihasi noshirlarni ham sahnaga olib chiqdi, ularning mehnatini munosib e’tirof etdi. Bu esa butun soha rivoji uchun juda katta motivatsiya berdi”, – deydi “Gutenberg” nashriyoti hammuassisi Ravshan Burhonov.

Tashkilotchilar bu model kitobni faqat madaniy mahsulot emas, ommaviy qiziqish uyg‘otadigan kontentga aylantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

“Yozuvchi sifatida ushbu format men uchun yangi tajriba bo‘ldi. Sahnadagi katta shou, animatsion elementlar, yorug‘lik va effektlar ijodkorga ham kuchli motivatsiya beradi. Bugungi bolalar oddiy hikoyadan ko‘ra koinotdek keng tasavvurni xohlaydi. Men fantastika orqali ularning tasavvurini kengaytirishni maqsad qilganman. Natijada ularning o‘zida ham yangi asarlar, ixtirolar yaratishga kuchli rag‘bat paydo bo‘ladi”,