Rubio AQShning «Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligi» haqidagi pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi va Donald Tramp bunga rozi bo‘lishi mumkinligi haqidagi variantni «absurd» deb atadi.

U Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha yaxshi xabarlarga ishora qilib, so‘nggi 48 soat ichida erishilgan taraqqiyot – agar u ish bersa – «bo‘g‘oz bojlarsiz to‘liq ochilishi»ga olib kelishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh urushni to‘xtatish uchun diplomatik kanallarni afzal ko‘radi. «O‘ylaymanki, biz ma’lum bir yutuqlarga erishdik», – dedi u.

Biroq, Rubio «hali ustida ish olib borilishi kerak bo‘lgan masalalar borligi»ni ta’kidladi va shu bilan birga, Trampning keyingi bayonotlarni kutish kerakligini qo‘shimcha qildi – prezident shu kunning o‘zida chiqish qilishi kutilmoqda.

Bir kun avval Tramp Eron bilan kelishuv yaqinligi va bu kelishuvga ko‘ra Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ham ochilishini aytgan, ammo tafsilotlarni keltirmagandi.

60 kunlik sulh

Amerika nashrlari AQSh va Eron o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuv tafsilotlari yuzasidan izoh bermoqda.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv asosida sulh 60 kunga uzaytiriladi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi qayta tiklanadi.

Nashrning amerikalik rasmiylardan biriga tayanib xabar berishicha, kelishuv quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Ushbu davrda Ho‘rmuz bo‘g‘ozida qatnovlarni bojxona to‘lovlarisiz tiklash, bunda Eron barcha minalarni zararsizlantirish majburiyatini oladi;
  • Qo‘shma Shtatlar tomonidan Eron portlari qamalini bekor qilish va Eron neftiga nisbatan sanksiyalarda qator istisnolar taqdim etish;
  • Eronning yadroviy qurol yaratishga intilmasligi va uranni boyitish dasturi bo‘yicha muzokaralar olib borishi to‘g‘risidagi majburiyatlari loyihasi;
  • Sanksiyalarni bekor qilish va Eronning muzlatilgan aktivlarini blokdan chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borish;
  • Amerika qo‘shinlari mintaqada 60 kun davomida qolishi va yakuniy kelishuvga erishilgandan keyingina olib chiqilishi.

Kelishuv o‘zaro rozilik asosida 60 kundan ortiq muddatga uzaytirilishi mumkin.

New York Times gazetasi amerikalik ikki mulozimga tayanib xabar berishicha, taklif Tehronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechish majburiyatini ham o‘z ichiga oladi.