O‘zbekiston | 17:00
505
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

UZCARD to‘lov tizimi Money20/20 Europe 2026 ko‘rgazmasida O‘zbekistonni namoyish etmoqda

UZCARD to‘lov tizimi O‘zbekiston milliy to‘lov infratuzilmasining rivojlanishini fintex industriyasining eng muhim xalqaro platformalaridan birida taqdim etmoqda.

Foto: UZCARD

UZCARD to‘lov tizimi 2–4 iyun kunlari Amsterdam shahridagi RAI Amsterdam majmuasida bo‘lib o‘tayotgan Money20/20 Europe 2026 tadbirida ishtirok etmoqda. Tadbir Where Money Does Business («Pul biznesga aylanadigan maydon») shiori ostida o‘tkazilib, bank sektori, to‘lov industriyasi, fintex kompaniyalari, texnologik provayderlar, startaplar, investorlar, chakana savdo, regulyatorlar hamda kiberxavfsizlik sohasi yetakchi vakillarini birlashtiradi.

UZCARD uchun Money20/20 Europe — fintex industriyasining asosiy xalqaro platformalaridan biridagi ikkinchi ishtirokdir. Kompaniya xalqaro maydondagi ishtirokini izchil kengaytirib, O‘zbekiston to‘lov infratuzilmasining rivojlanishini global professional hamjamiyatga namoyish etmoqda.

Money20/20 Europe moliyaviy texnologiyalar kelajagini belgilab beruvchi trendlar, hamkorliklar va yechimlar muhokama qilinadigan eng muhim xalqaro tadbirlardan biri hisoblanadi. 2026 yilda tadbir dasturi sun’iy intellekt, integratsiyalashgan moliyaviy xizmatlar, to‘lovlar kelajagi, raqamli identifikatsiya va tartibga solish masalalarini qamrab oladi.

Tadbir doirasida UZCARD vakillari xalqaro hamkorlar, fintex kompaniyalari va texnologik provayderlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, raqamli to‘lovlar sohasida hamkorlik istiqbollari va tajriba almashish masalalarini muhokama qilmoqda.

«Money20/20 Europe tadbiridagi ishtirok UZCARD kompaniyasining raqamli moliya va naqdsiz iqtisodiyot kelajagi bo‘yicha global professional muloqotning bir qismi bo‘lishga intilishini aks ettiradi. Kompaniya uchun bu O‘zbekiston to‘lov infratuzilmasi yutuqlarini xalqaro bozorga taqdim etish, texnologik hamkorlikni kengaytirish, ekspertiza almashish va yangi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatidir», — deya izoh berdi UZCARD vakillari.

UZCARD stendida, shuningdek, ERA, ATTO, BTech va Plum Tech kompaniyalari ham moliya bozori hamda raqamli iqtisodiyot uchun o‘z texnologik yechimlarini namoyish etmoqda.

«Bugungi kunda xalqaro biznesning O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini kuzatmoqdamiz. Plum Tech mahalliy to‘lov infratuzilmasini taqdim etadi: O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan xorijiy kompaniyalar bizning yordamimizda mahalliy foydalanuvchilardan to‘lovlarni qabul qilishlari mumkin. Bu ularning O‘zbekiston bozoriga kirishini soddalashtiradi. Bugungi kunda bunday yechimlarga eng katta qiziqish Yevropa, Xitoy va BAA kompaniyalari tomonidan bildirilmoqda», — dedi Plum Tech kompaniyasi vakili.

UZCARD zamonaviy to‘lov texnologiyalari va mamlakat raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘maklashgan holda, O‘zbekistonning xalqaro fintex xaritasidagi mavqeyini mustahkamlashda davom etmoqda.

UZCARD. Qulay yashang.

Reklama huquqi asosida

Мунира Тошниёзова
Tayyorlagan Мунира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid