Abituriyentlar uchun ayni vaqtda 15.000 ga yaqin talabalar tahsil olayotgan ZARMED Universitetidan videoreportaj. Bugun mazkur tashabbus asosida faoliyat yuritayotgan ZARMED universitetining Buxoro va Samarqanddagi kampuslarida minglab talabalar tahsil olmoqda. Kun.uz jurnalisti universitetning har ikki kampusida bo‘lib, bu yerda ta’lim jarayoni qanday tashkil etilgani, talabalar uchun qanday imkoniyatlar yaratilgani va universitet qanday maqsadlar sari harakat qilayotganini o‘rgandi.
Tibbiyot klasteridan universitetgacha
ZARMED universitetining tashkil topish tarixi 2021 yilda boshlangan tashabbus bilan bog‘liq. Universitetning ilk kampusi 2022 yilda Buxoroda tashkil etilgan bo‘lsa, 2024 yilda Samarqand kampusi ham faoliyat boshladi.
Samarqand kampusi shaharning markaziy hududlaridan birida joylashgan bo‘lib, 14 ming kvadrat metr maydonni egallaydi. Kampusda 100 ta auditoriya, laboratoriyalar, kompyuter xonalari, kutubxona va talabalar uchun mo‘ljallangan boshqa infratuzilma obektlari mavjud. Universitet ma’muriyatiga ko‘ra, kampus bir vaqtning o‘zida 7 ming nafargacha talabani qamrab olish imkoniyatiga ega.

Nazariya va amaliyot uyg‘unligi
Universitetda ayniqsa tibbiyot yo‘nalishida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Talabalar universitet klinikasi orqali real tibbiy muhit bilan tanishish, mutaxassislar faoliyatini kuzatish va o‘quv jarayonida olgan bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlash imkoniyatiga ega.
Universitet vakillarining ta’kidlashicha, kelajakdagi mutaxassis nafaqat nazariy bilimga, balki amaliy tajribaga ham ega bo‘lishi kerak. Shu sababli amaliy mashg‘ulotlar ta’lim tizimining muhim qismi sifatida qaraladi.

Tibbiyotdan tashqari 20 ga yaqin yo‘nalish
ZARMED universiteti faqat tibbiyot yo‘nalishiga ixtisoslashgan oliygoh emas. Bugungi kunda universitetda muhandislik, IT, iqtisodiyot, moliya, filologiya, pedagogika, psixologiya va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha ham ta’lim beriladi. Universitet tizimi zamon talablariga mos yangi mutaxassisliklar bilan kengayib bormoqda.

















