AQSh va Fransiya taqdim etgan razvedka ma’lumotlari Ukraina Qurolli kuchlariga Rossiya hududi ichkarisidagi nishonlarni tanlash va ularga uzoq masofadan zarba berish operatsiyalarini aniqroq rejalashtirish imkonini bergan. Bu haqda Financial Times (FT) ukrainalik harbiylar bilan suhbat va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, AQSh va Fransiyadan olingan ma’lumotlar asosida ukrainalik rejalashtiruvchilar Rossiyaning energetika tizimi bo‘yicha batafsil xarita tuzgan. Unda butun tizim faoliyati uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan muhim tugunlar aniqlangan. Manbaning aytishicha, aynan shu nuqtalarga zarba berilishi yirik hududlarda elektr ta’minotining izdan chiqishiga olib kelishi mumkin.
Ukraina Qurolli kuchlaridagi manbalardan biriga ko‘ra, dronlar endi nafaqat strategik ob’yektlarga, balki tezda almashtirish qiyin bo‘lgan uskunalarga ham yo‘naltirilmoqda. Bu esa oldindan ishlab chiqilgan va muvofiqlashtirilgan strategiyaning bir qismi hisoblanadi.
Financial Times tahliliga ko‘ra, Ukraina uchuvchisiz tizimlari bir qator holatlarda bir xil ob’yektlarga takroran zarba bermoqda. Bunda maqsad ta’mirlash ishlari yakunlanmasidan avval yana hujum qilib, ob’yektlarning ishini qayta tiklashga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.
Nashrning yozishicha, g‘arb razvedkasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar Ukrainaga Rossiya havo mudofaasi tizimlarining joylashuvini ham aniqlash imkonini bergan. Shu asosda dronlar uchun havo himoyasini chetlab o‘tuvchi marshrutlar ishlab chiqilgan va ularning Rossiya hududi ichkarisidagi nishonlarga yetib borish samaradorligi oshirilgan.
So‘nggi kunlarda Ukraina dronlari Rossiyaning bir qator energetika ob’yektlariga hujum qildi. Xususan, 20 iyul kuni Moskva viloyatining Podolsk shahridagi neft bazasi nishonga olingan bo‘lsa, 25 iyul kuni avval ham dronlar hujumiga uchragan Tyumen neftni qayta ishlash zavodiga zarba berilgan.
Nashr ta’kidlashicha, ushbu hujumlar fonida Rossiya hududlaridagi mahalliy hokimiyatlar hamda yirik energetika kompaniyalari, jumladan, «Gazprom», muhim infratuzilma ob’yektlarini himoya qilish choralarini kuchaytirmoqda. Bu maqsadda pikap avtomobillariga o‘rnatilgan pulemyotlar bilan jihozlangan mobil o‘t ochish guruhlari tashkil etilmoqda.











