Prezident 2030 yilgacha 1,5 ming rahbar kadr zaxirasini shakllantirishni buyurdi, ular sun’iy intellekt yordamida tayyorlanadi. 1 oktyabrdan o‘z nomidagi SIM-karta va bank kartalari haqida ma’lumot olish mumkin bo‘ladi. Pasport yoki ID-kartani yo‘qotganlik uchun jarima bekor qilinishi mumkin. Anomal issiq davri cho‘zilishi kutilmoqda. Qurilishi tugallanmagan uylarga ko‘chib kirish taqiqlanadi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Prezident 2030 yilgacha 1,5 ming rahbar kadr zaxirasini shakllantirishni buyurdi

Shavkat Mirziyoyev iqtidorli boshqaruvchilar va yangi avlod rahbarlarini tayyorlash chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda sun’iy intellekt yordamida 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha rahbar kadrlarga ehtiyoj aniqlangani ma’lum qilindi. Energetika, «yashil» texnologiyalar, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida malakali mutaxassislarga talab yuqori ekani qayd etildi.

Yangi tizimga ko‘ra, nomzodlar 100 ballik mezon asosida raqamli texnologiyalar orqali baholanadi. Ular uchun sun’iy intellekt yordamida individual rivojlanish rejalari ishlab chiqiladi. Har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchi saralanib, 2030 yilga qadar 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat milliy rahbar kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

Shuningdek, rahbarlik lavozimlari uchun «TOP-100» ochiq tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. G‘oliblar maxsus o‘quv dasturlarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.

1 oktyabrdan o‘z nomidagi SIM-karta va bank kartalari haqida ma’lumot olish mumkin bo‘ladi

Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (Yagona portal) yangi xizmatlar joriy etiladi.

Jumladan, fuqarolarning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan telefon raqamlari va bank kartalari to‘g‘risida ma’lumot olish va ushbu jarayonni boshqarish imkoniyatlari yaratiladi. Bunda telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish va o‘zi foydalanmayotgan telefon raqamlariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish, telefon raqami ulangan pulli xizmatlar haqida ma’lumot olish, bank kartalarini bloklash (yopish) haqida emitentga arizalar yuborish mumkin.