Sönggi yigirma yilda jahonning eng kuçli futbolçilari bölib turgan Messi va Ronaldu davri öz nihoyasiga yetmoqda. Biri 41 yoşda, boşqasi 24 iyunda 39 ga tölgan bu yulduzlarning örnini yana kimlar bosa olişi aniqmas.

Yoş futbolçilar orasidan yangi Messi yoki yangi Ronaldu çiqiş-çiqmasligi mavhum bölib turgan paytda futbol olamiga 18 yoşga tölmasdan ajoyib natijalar körsatgan va bir qança rekordlar örnatgan Lamin Yamal ism şarifli ösmir kirib keldi.

U 16 yoşidayoq Ispaniya birinçiligi – La Liga çempioni, 17 yoşgaça bölganlar örtasida Yevropa çempioni, La Ligada mavsumning eng yaxşi yoş öyinçisi böladi. Şuningdek, Ispaniyaning asosiy terma jamoasiga çaqiriladi.

Lamin 17 yoşida Ispaniya terma jamoasi tarkibida öynab, Yevropa çempioni böladi. Yevropaning eng iqtidorli futbolçisiga beriladigan Golden Boy mukofotini qölga kiritadi.

Köplab boşqa futbolçilar qatori Lamin Yamalning ham qiziqarli hayot yöli bor. Jumladan, uning Lamin Yamal deb nomlanişining ham öz tarixi bor. Hozir şular haqida gaplaşamiz.

Döstlar şarafiga nomlangan bola

Töliq ism-şarifi Lamin Yamal Nasroviy Ebana bölgan futbolçi 2007 yil 13 iyulda Ispaniyaning muxtoriyat huquqiga ega bölgan Kataloniya provinsiyasida afrikalik muhojirlar oilasida tuğiladi.

Lamin Yamalning otasi kelib çiqişi marokaşlik bölgan Munir Nasroviy, onasi Ekvotorial gvineyalik Şeyla Ebana ism-şarifli ayol bölgan.

Munir va Şeyla Ispaniyada tanişib oila quradi. Öşa paytlarda oilaning moliyaviy vaziyati birmunça oğir edi. Şu sababli ularga döstlari yordam berib turadi. Ayniqsa Munirning Lamin va Yamal ismli döstlari ularning oilasiga köp yaxşiliklar qiladi.

Şu sababli xotini homilador bölgan paytda Munir döstlariga agar öğil farzand körsa ularning nomini qöyişini aytadi. Köp ötmay Munir va Şeyla öğil farzand körişadi. Ota döstlariga bergan va’dasini bajaradi va bolaga Lamin Yamal Nasroviy Ebana deb ism-şarif beradi.

Lamin Yamal uç yoşga tölganida oila ajraşib ketadi. Öşanda u navbati bilan har ikki tomonda – otasi va onasi bilan birga yaşaydi. Otasining oldiga kelganida uning tarbiyasi bilan asosan Munirning onasi şuğullanadi.