Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Alifbo islohoti bo‘yicha yangi qonunni ma’qulladi va Senatga yubordi. Andijonlik ayol 5 nafar egizak — uch qiz va ikki o‘g‘ilni dunyoga keltirdi. O‘zbekistonda milliy navigatsiya tizimi yaratilishi mumkin. Toshkentda ov qurollari va yuzlab o‘q-dorilar ixtiyoriy topshirildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
O‘zbekistonda milliy navigatsiya tizimi yaratilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirish va telekommunikatsiya sohalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Unda davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish taklif qilindi. Platforma sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ma’lumotlarni tahlil qilish, hududlar kesimida muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini monitoring qilish, resurslarni to‘g‘ri yo‘naltirish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, milliy navigatsiya tizimini yaratish taklifi ilgari surildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda asosan AQSh (GPS) va Rossiya (GLONASS) platformalaridan foydalanilayotgani qayd etildi. Milliy navigatsiya tizimi geoma’lumotlarni yagona standart asosida shakllantirish, transport, logistika, tezkor xizmatlar, shaharsozlik va davlat xizmatlarini sifatli tashkil etishga xizmat qiladi.
Alifbo islohoti bo‘yicha qonun Senatga yuborildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Loyihada lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga, 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishi, shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanishiga aniqlik kiritilishi nazarda tutilmoqda.
O‘zgarishlar kuchga kirishi uchun qonun Senat tomonidan ma’qullanib, prezident tomonidan imzolanishi kerak bo‘ladi. Rasmiy xabarda aytilishicha, qonun loyihasi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etiladi. Xususan, qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valuta va qimmatli qog‘ozlarning amal qilishi saqlab qolinadi.






