Ukrainaning Lviv shahrida hududiy to‘ldirish markazi (TsK, Ukrainadagi harbiy komissariat) xodimlari bilan to‘qnashuv ishtirokchilari kamera qarshisida harbiylardan uzr so‘rashga majbur qilindi. Ushbu video Ukraina qurolli kuchlari faxriysi Anton Petrovskiy hamda 3-armiya korpusi komandiri o‘rinbosari Dmitriy Kuxarchuk tomonidan e’lon qilingan. Ular tartibsizlik ishtirokchilari bilan «tarbiyaviy suhbat» o‘tkazilganini bildirishgan.

Roliklardan birida Lvivda yashovchilarning bir guruhi (ular orasida o‘smirlar ham bor) «TsKga shon-sharaflar!» deya hayqirayotganini ko‘rish mumkin. Keyin videodagilardan ikki kishi o‘z harakatlari uchun uzr so‘ragan. Ulardan biri Ukraina qurolli kuchlari safida xizmatga borishni va’da qiladi. Boshqasi ta’tildagi harbiy ekanini, tez orada frontga qaytishini aytadi.

Shahar aholisi vakillari va harbiylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 8 iyul kuni kechqurun Sixovda ro‘y bergan. Safarbarlik tadbiri chog‘ida olomon hududiy to‘ldirish markazi avtomobiliga shikast yetkazgan va uni ag‘darib tashlagan. Lvivdagi nashrlarda yozilishicha, yo‘ldan o‘tib ketayotgan odamlar TsK guruhini payqab qolishgan va harbiylarning ishiga aralasha boshlagan. Dahanaki janjal o‘zaro to‘qnashuvga aylanib ketgan. Ijtimoiy tarmoqlarda olomon harbiylarning shikast yetkazilgan avtomobilini o‘rab olgani va «Sharmandalik!» hayqiriqlari ostida uni ag‘darishga urinayotgani aks etgan video tarqalgan.

Lviv oblasti hududiy to‘ldirish markazi versiyasiga ko‘ra, mojaro ushbu shaharda yashovchi, harbiy ro‘yxatdan o‘tish qoidalarini buzgani uchun 12 iyundan buyon qidiruvda bo‘lgan shaxs (1996 yilda tug‘ilgan)ning hujjatlarini tekshirish asnosida boshlangan. Harbiylar uni ushbab, TsK binosiga olib kelishgan. Olomon esa markazning yana bir necha xodimi yo‘lini to‘sib, ularning xizmat mashinasini o‘rab olgan. Qayd etilishicha, Lviv aholisi vakillari o‘zini tajovuzkor tutib, sezilarli zarar yetkazgan va yakunda xizmat avtomobilini ag‘darib yuborgan».

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda jami 200 ga yaqin kishi ishtirok etgan. To‘qnashuvlar oqibatida ikki harbiy jarohatlangan. Ukraina qurolli kuchlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va huquq-tartibot idoralari xodimiga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tartibsizlik ishtirokchilaridan biri hibsga olingan. Bu 23 yoshli Oleg Gavrilov bo‘lib, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u politsiyachilardan biriga gaz ballonchasini purkagan, boshqa bir politsiyachini urgan. Sudda Gavrilov 53-alohida mexanizatsiyalashgan brigadada oddiy askar sifatida xizmat qilgani, shu yil fevralida harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tark etganini aytib bergan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, hibsga olish chog‘ida uni kaltaklashgan.