Rossiyaning Ulyanovsk viloyati gubernatori Aleksey Russkixning ma’lum qilishicha, 23 iyul kuni Ukraina Qurolli kuchlari Novospassk tumanida joylashgan yonilg‘i-energetika majmuasi ob’yektiga zarba bergan.

Ukrainaning monitoring kanallari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, hujum nishonlaridan biri Novospasskda joylashgan «NS-Oyl» suyultirilgan gaz bazasi bo‘lgan.

Voronejda «jiddiy oqibatlar» haqida xabar berildi

Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusevning ma’lum qilishicha, 23 iyulga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujum oqibatida jabrlanganlar bor.

U hududda «jiddiy oqibatlar» yuzaga kelganini aytgan, biroq ularning tafsilotlarini ochiqlamagan.

Kechasi viloyatda ikki marta raketa xavfi e’lon qilingan. Shuningdek, Voronej shahri va yana bir nechta tumanda uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi xavfi haqida ogohlantirish berilgan.

Mahalliy aholi shaharda bir nechta portlash ovozlarini eshitganini ma’lum qildi.

Ayrim Telegram kanallarida yana bir bor Wildberries logistika markaziga zarba berilgani haqida xabarlar tarqalgan. Ammo bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Tula viloyatida beshta dron urib tushirilgan

Tula viloyatida ham tun davomida Ukraina dronlari hujumi qaytarilgan.

Viloyat rahbari Vladislav Shapshaning ma’lum qilishicha, ko‘p qavatli uylardan birining balkonida dron parchalari topilgan.

Rossiya rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, Tula viloyati osmonida jami beshta ukrain droni yo‘q qilingan. Hujumlar oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan.

Qrimda bir kishi halok bo‘ldi

Ukraina monitoring kanallari Rossiya nazoratidagi Luhansk, Yalta va Feodosiya shaharlaridagi hujumlar oqibatlari aks etgan foto va videolarni ham e’lon qildi.

Ularning iddaosiga ko‘ra, ushbu hujumlarda elektr podstansiyalari nishonga olingan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Sevastopolga dronlar hujumi amalga oshirilgani, Rossiya havo mudofaa tizimlari to‘rtta uchuvchisiz apparatni urib tushirgani haqida xabar berildi.