Astra Telegram-kanali ochiq manbalar tahlili (OSINT) va guvohlar videolariga tayanib, Sankt-Peterburg ma’muriy chegarasi yaqinidagi Vsevolojsk tumani Novosaratovka qishlog‘ida joylashgan Wildberries Sankt-Peterburg logistika markazi hujumdan keyin yonganini xabar qildi. Ushbu ombor amalda Sankt-Peterburg bozoriga xizmat ko‘rsatadi va shaharga juda yaqin joylashgan.
Keyinroq kanal shaharning turli nuqtalarida ikki yong‘in o‘chog‘i kuzatilganini ma’lum qildi. Internetda tarqalgan foto va videolarda shahar ustiga qora tutun ko‘tarilgani aks etgan. Exilenova+ kanali esa Leningrad viloyatidagi ehtimoliy hujum lahzalari tasvirlangan videolarni e’lon qildi.
Hodisadan so‘ng Wildberries matbuot xizmati Sankt-Peterburgdagi Shushari va Utkina Zavod logistika komplekslari faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Kompaniya ularning ishi qachon tiklanishi haqida qo‘shimcha axborot berilishini bildirdi.
Shu kechaning o‘zida Tver shahri va qo‘shib olingan Qrimning Simferopol shahridagi Wildberries logistika markazlari ham hujumga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki ob’yektda ham zarbalardan keyin yong‘in chiqqan. RWB Wildberries Russ matbuot xizmati esa Simferopoldagi saralash markazi xavfsizlik talablariga muvofiq evakuatsiya qilinganini tasdiqladi.
Bundan tashqari, «Qrim shamoli» Telegram-kanali o‘z manbasiga tayanib, Sudak shahridagi elektr podstansiyasiga ham zarba berilganini, bu esa shaharda elektr energiyasi va suv ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lganini yozdi. Biroq ushbu ma’lumot mustaqil manbalar tomonidan hozircha tasdiqlanmagan.
Maqola e’lon qilingan vaqtga qadar Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko, Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov, Tver viloyati rasmiylari hamda Simferopolning Rossiya tayinlagan ma’muriyati hodisalar yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
DW ta’kidlashicha, bu Wildberries logistika infratuzilmasiga qilingan birinchi hujum emas. Ilgariroq Elektrostal, Kotovsk, Krasnodar va Nevinnomissk shaharlaridagi omborlar ham zarbalar natijasida vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan. «Kommersant» hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur hujumlar kompaniyaning umumiy logistika quvvatlarining qariyb 10 foiziga ta’sir ko‘rsatgan.
18 iyul kuni Elektrostal va Kotovskdagi omborlarga berilgan zarbalar oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, qariyb 50 kishi jarohatlangan edi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu hujumlarni Rossiyaning Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga bergan zarbalariga javob sifatida baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur logistika markazlari Rossiyaning dronlar va navigatsiya uskunalari ishlab chiqarishi uchun sanksiyalar ostidagi butlovchi qismlarni yetkazib berishda foydalanilgan.












